Jamiyat

"Men o‘zbek tilini, uning boy madaniy merosini yaxshi ko‘raman" — vengriyalik navoiyshunos

Vengriyalik navoiyshunos Benedek Peri O‘zbekiston, uni tanti va chapani xalqiga qalban yaqin. Chunki u o‘zbek tilini, uning boy madaniy merosini chin dildan o‘rganishni yaxshi ko‘radi. Ayniqsa, Navoiy va Boburga ixlosi baland.

"Men o‘zbek tilini, uning boy madaniy merosini yaxshi ko‘raman" — vengriyalik navoiyshunos

 

U Vengriyada turkiy adabiyotni tadqiq etib kelayotgan taniqli olimlardan. Har safar O‘zbekistonga tashrif buyurganida uni o‘zgacha hayajon bosadi. Go‘yo, Alisher Navoiy bilan uchrashayotgandek quvonadi, ko‘nglida allanechuk tuyg‘ular jo‘sh uradi. Har bir o‘zbek chehrasida buyuk mutafakkir taʼriflagan muhabbat shuʼlalarini ko‘radi.

 

Benedek Peri 1966 yili Vengriyada tug‘ilgan. U talabalik davridan boshlab o‘zbek adabiyotini o‘rganishga qiziqqan. Shayboniy, Sakkokiy, Turdi, Uvaysiy, Zulfiya, Nazir Safarov, Said Ahmad, Izzat Sulton, Uyg‘un kabi adabiyotimiz namoyandalari ijodi bo‘yicha tadqiqotlar olib borgan.

 

— Vengriyada O‘zbekiston va Alisher Navoiy bilan bog‘liq ishlarning boshlanishi mashhur turkiyshunos olim Armin Vamberi (1832–1913) nomi bilan bog‘lanadi, - deydi olim.

 

 U 1863 yili O‘zbekiston hududiga kelgan. Vamberi to‘rt yil umrini Istanbulda o‘tkazgan. O‘shanda u o‘zbek mumtoz adabiyoti namunalari, xususan, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy asarlari bilan tanishgan. Olim izlanishlari davomida bu asarlarni usmonli turk kitobxonlari tushunishlari oson bo‘lishi uchun XVI asrda tuzilgan “Abushqa” lug‘ati qo‘lyozmasini mojor tiliga tarjima qilib, 1862 yili Vengriyada chop ettiradi. Shuningdek, Vamberi “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarining baʼzi qismlarini ham mojor tiliga tarjima qiladi va shu yili Vengriyada nashr qildiradi.

 

So‘nggi yillarda Benedek Peri ko‘proq Alisher Navoiy ijodini o‘rganish bilan mashg‘ul. Bu yo‘nalishdagi maqolalarini ingliz tilida nashr etyapti. Masalan, O‘zbekistonda uning “Alisher Navoiy forsiy sheʼriyatining usmonli sulton Salim I (1512-1520)ning g‘azallariga taʼsiri” nomli inglizcha maqolasi chiqqan. Uning kuzatishlariga ko‘ra, Navoiydan keyin yashagan turk sultoni sulton Salim Ikkinchi Navoiyning “Devoni Foniy”sidan o‘rin olgan g‘azallar taʼsirida forsiy sheʼrlar bitgan ekan. Bu esa, o‘z davrida Sharqda Navoiy, nafaqat turkiy, balki forsiy adabiyotda ham o‘z o‘rniga ega kuchli shoir deb tan olinganini ko‘rsatadi.

 

Benedek Peri Navoiyning forscha sheʼrlari kirgan “Devoni Foniy”ni nashrga tayyorlash ustida ishlamoqda.

 

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Xiva shahrida tashkil etilayotgan “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” madaniy forumi doirasida o‘tgan O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining kongressida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarga va ayniqsa madaniy meros va maʼnaviyatga davlat miqyosida berilayotgan ulkan eʼtibor alohida eʼtirof etilgani haqida xabar bergan edik.

 

 

Munojat Valiyeva

"Men o‘zbek tilini, uning boy madaniy merosini yaxshi ko‘raman" — vengriyalik navoiyshunos | Zamon.uz