Toshkentda 3 nafar nomaʼlum shaxs dorixona sotuvchisiga pichoq bilan tahdid qilib, 15 million so‘mni o‘marib ketdi
Poytaxtimiz dorixonalaridan birida bosqinchilik jinoyati yuz berdi. Voqea Chilonzor tumani Cho‘pon ota ko‘chasi 8-mavzedagi dorixonada sodir bo‘lgan.


3 nafar nomaʼlum shaxs sotuvchini pichoq bilan qo‘rqitib, jami 15 million so‘m pullarni va narxi 200 ming so‘mlik telefon apparatini olib, voqea joyidan yashiringan. Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida gumonlanuvchilar tez fursatda qo‘lga olingan.
Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari davomida mazkur jinoyatni “Rax” laqabli Raxmatilla hamda Javlonbek ismli sherigi bilan birgalikda sodir etgani maʼlum bo‘lgan.
Aniqlanishicha, mazkur dorixona egalari qoidaga xilof ravishda dori-darmon savdosi bilan shug‘ullangani sabab bir necha oy avval maʼmuriy javobgarlikka tortilib, savdo qilish vaqtincha to‘xtatilgan. Shunday bo‘lishiga qaramay, dorixona egalari qonunga zid ravishda yashirin faoliyat yuritib kelgan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyatni sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoyat kodeksining 164 modda 2 qismi “a” va “B” bandlari bilan ularga nisbatan qamoq olish tarzida ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Bundan tashqari, mazkur dorixona ishchisi noqonuniy tarzda faoliyat olib borgani sababli Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalari bilan maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.
Munojat Valiyeva







