O‘g‘lini avtomobil urib yuborgan ota murojaati bo‘yicha maʼlumot berildi
Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida tungi vaqtda YTH yuz bergan. Oqibatda, haydovchi 14 yoshli piyodani urib yuborgan.


Ijtimoiy tarmoqda o‘g‘lini avtomobil urib yuborgan ota murojaat bilan chiqqani haqida video tarqalgandi. Mazkur holat yuzasidan YHXBB axborot xizmati maʼlumot berdi.
Unda aytilishicha, joriy yilning 12 sentyabr kuni soat 01:30 larda Toshkent viloyati, O‘rtachirchiq tumani hududidan o‘tgan 4R20 “Qorasuv –Bekobod” avtomobil yo‘lining 8-kilometrida haydovchi, 1980 yilda tug‘ilgan T.M. boshqaruvida bo‘lgan “Matiz” hamda haydovchi 1978 yilda tug‘ilgan G.E. boshqaruvida bo‘lgan “Damas” rusumli avtomobillar ishtirokida YTH sodir bo‘lgan.
YTH oqibatida “Damas” haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lning o‘ng tomonida turgan 2007 yilda tug‘ilgan piyoda A.K.ni urib yuborgan.
Olib borilgan dastlabki tergov oldi surishtiruv jarayonlarida “Matiz” rusumli avtomobil haydovchisi Nurafshon shahar tibbiyot bo‘limi shifokorining xulosasiga ko‘ra, mast holda ekani aniqlangan. Mazkur YTH yuzasidan Jinoyat Kodeksining 266-modda 2-qismiga ko‘ra jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzaxda 6 yoshli bolani asfalt yotqizish mashinasi bosib ketgandi. Shuningdek, Nukusda “Matiz” mast piyodani urib yuborishi oqibatida jabrlanuvchi shifoxonada vafot etgani haqida xabar berilgan.
Bahriniso Madumarova







