Toshkentda taksi haydovchisi uch nafar ayolga shilqimlik qildi
“Nemolchi.uz” internet-manbasida uch nafar ayollarga shilqimlik qilgan taksi haydovchisiga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan chora ko‘rilmayotgani haqida xabar eʼlon qilindi.


Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB maʼlumot berdi.
Unda aytilishicha, “Matiz” rusumli avtomobil (davlat raqami 10 Y 518 SA) haydovchisi — Jahongir T. tomonidan huquqbuzarlik sodir etilgani to‘g‘risida Toshkent shahar IIBBga ariza kelib tushmagan. Idora xodimlari yuqoridagi eʼlon muallifi bilan bog‘lanib, jabrlanuvchilar haqida maʼlumot olgandan so‘ng, ayollarga yozma ravishda ichki ishlar organlariga murojaat qilish zarurligi tushuntirildi. Shu yilning 17 sentyabr kuni ikki nafar jabrlanuvchilar — E.M. va T.Yu.lar Mirobod tumani IIO FMBga murojaat qilishdi. Uchinchi qiz — M.S. ham yaqin orada ariza yozishga tayyorligini bildirdi.
Mazkur holat bo‘yicha tergov oldi tekshiruvlari olib borilmoqda.
“Hurmatli hamshaharlar va Toshkent mehmonlari! Agar siz va yaqinlaringiz nojo‘ya hatti-harakat qilgan taksi haydovchilariga duch kelsangiz, ichki ishlar organlariga murojaat qiling. Bu nafaqat sizga, balki jamiyatga ham foyda bo‘ladi”, — deyiladi IIBB xabarida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chilonzorda taksi haydovchisi mashinaga chiqqan qizga zo‘ravonlik qilgani haqida xabar berilgandi.
Bahriniso Madumarova







