Siyosat

Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi 76 sessiyasida nutq so‘zladi

Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi 76 sessiyasida nutq so‘zladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida yangi sharoitlarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalarining ahamiyati va o‘rni tobora ortib borayotganini qayd etdi.

- Tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga transmilliy tahdidlar tobora kuchaymoqda, iqlim jadal o‘zgarmoqda, ommaviy migratsiya oqimlari ko‘paymoqda, an’anaviy qadriyatlar zavol topmoqda.

Jahon taqdiri bilan bog‘liq ushbu muhim jarayonlarda aynan Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘zining yetakchilik rolini yangi mazmun va sifat bilan davom ettirishi zarur. Biz Bosh kotibning xalqaro munosabatlar tizimida hamjihatlik va birdamlikni mustahkamlash, tashkilot faoliyatining samaradorligini va shaffofligini oshirishga qaratilgan harakatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Prezidentimiz BMTning “hech kimni e’tiborsiz qoldirmaslik”, degan tamoyil asosida vaksinalardan teng va adolatli foydalanish imkoniyatini yaratishga doir sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

- Biz pandemiyalarga qarshi samarali kurashda vaksinatsiya natijalarini xalqaro miqyosda tan olish jarayonlarida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining muvofiqlashtiruvchi rolini yanada kuchaytirish tarafdorimiz. O‘zbekiston Respublikasining tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va Bosh Assambleyaning rasmiy hujjati sifatida tarqatilgan Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi Kodeks bizning bu boradagi amaliy hissamizdir, - deya davom ettirdi Prezident.

Davlatimiz rahbari so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va jadal demokratik islohotlar bugungi kunda ortga qaytmas tus olganini ta’kidladi.

- Inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish demokratik islohotlarimizning asosini tashkil etmoqda. So‘z va ommaviy axborot vositalari, din va vijdon erkinligini, gender tenglikni, millatlararo totuvlikni ta’minlash borasida qat’iy qadamlar tashlanmoqda, - dedi Prezident. 

Ishtirokchilarning e’tibori bosh g‘oyasi fuqarolik jamiyati institutlari rolini kuchaytirish, inson huquqlarini himoya qilish, kambag‘allikni kamaytirish, har bir kishini kafolatli daromad manbai bilan ta’minlash hamda barqaror ekologik rivojlanishga erishishdan iborat Yangi O‘zbekiston strategiyasi ishlab chiqilganiga qaratildi. 

- Asosiy maqsadimiz – 2030-yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlar miqdori bo‘yicha “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirishdir. Bu rejamiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2030-yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish maqsadlari ruhiga uyg‘un ekanini ta’kidlash lozim, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Shu ma’noda pandemiyadan keyingi davrda jahon iqtisodiyotini qayta tiklash muammolarini o‘rganish, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni hayotga tatbiq etishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani Toshkentda o‘tkazish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari global harakatlarga yoshlarni jalb etish bo‘yicha Butunjahon konferensiyasi mamlakatimizda muvaffaqiyatli o‘tkazilganini ta’kidladi hamda ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarning davomi sifatida Samarqand shahrida muntazam o‘tkazilayotgan Inson huquqlari muloqotlari doirasida Global ta’lim forumini tashkil etish rejalashtirilganini ma’lum qildi.

Prezidentimiz Markaziy Osiyo mintaqasida o‘zaro hamjihatlik va hurmat, yaqin qo‘shnichilik va strategik sheriklik ruhidagi mutlaqo yangi siyosiy muhitini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlar qat’iy davom ettirilishini ta’kidladi.

- Bizning asosiy maqsadimiz – Markaziy Osiyoni farovon va barqaror rivojlanayotgan, ishonch va do‘stlik makoniga aylantirishdir. Buning uchun biz qo‘shni va yondosh mintaqalar bilan o‘zaro aloqalarni kuchaytirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.

O‘zbekiston Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash to‘g‘risidagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surgan haqida ma’lum qilindi. Shu munosabat bilan Afg‘oniston Markaziy Osiyoning uzviy qismi ekani yana bir bor ta’kidlandi.

- Bu davlatda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatilishidan nafaqat biz, qo‘shni mamlakatlar, balki butun dunyo manfaatdordir. Hozirgi qiyin davrda Afg‘onistonni yakkalab, uni muammolar girdobiga tashlab qo‘yish mumkin emas. Afg‘on masalasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining ta’siri va ovozi har qachongidan ham kuchliroq yangrashi lozim, - deb ta’kidladi Prezident.

O‘zbekiston yetakchisi dunyoda xavf-xatar va ziddiyatlar, transmilliy tahdidlar tobora ortib borayotganiga e’tibor qaratdi. Shu yil noyabr oyida Toshkentda BMTning Global aksilterror strategiyasi Markaziy Osiyo uchun rejasining o‘n yillik natijalari va istiqbollariga bag‘ishlangan Xalqaro konferensiya o‘tkazilishi xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston tomonidan iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash, atrof-muhit va bio xilma-xillikni muhofaza qilish, tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish masalalarida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga alohida to‘xtaldi.

- Bu nafaqat bugungi, balki kelajak avlodlar oldidagi ezgu insoniy burchimizdir, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu yil may oyida BMT Bosh Assambleyasining Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingani O‘zbekistonning bu boradagi sa’y-harakatlari samara berayotganini tasdiqlaydi.

Ekologiya borasidagi choralarning mantiqiy davomi sifatida 2022-yili Orolbo‘yi hududida, Nukus shahrida «yashil» energetika bo‘yicha BMT bilan hamkorlikda yuqori darajadagi xalqaro forum o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.

Shu bilan bir qatorda BMT shafeligida global ekologik siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilish maqsadida 2023-yilda O‘zbekistonda Atrof-muhit bo‘yicha BMTning yuqori darajadagi Oltinchi Assambleyasini o‘tkazish taklif etildi.

- Assambleya ishtirokchilari Orol dengizining qurishi natijasida yuzaga kelgan, ekologik ofat markazi bo‘lgan, Orolbo‘yi mintaqasidagi og‘ir vaziyat bilan bevosita tanishish va zarur xulosalar chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bundan tashqari, atrof-muhit bo‘yicha Assambleyada Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Butunjahon ekologiya Xartiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surmoqchimiz, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida O‘zbekiston dunyoning barcha davlatlari va global tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli, uzoq muddatli va ko‘pqirrali sheriklikni rivojlantirishga doimo tayyor ekanini ta’kidladi.

Mamlakatimiz xavfsiz hamda barqaror o‘sish, farovon kelajakni barpo etishga qaratilgan yaqin hamkorlikni bundan keyin ham kuchaytirib boraverishi qayd etildi.

custom img

Narendra Modi 28-avgust kuni O‘zbekistonga keladi

Tashrifdan so‘ng Hindiston bosh vaziri ShHT sammitida ishtirok etish uchun Qirg‘izistonga boradi.

custom img

Kaspiy tuguni: O‘zbekiston va Ozarbayjonning yagona logistika tizimi qanday shakllanmoqda

Boku porti Markaziy Osiyodan Yevropaga yuk tashishda muhim tranzit markaziga aylanishi kutilmoqda.

custom img

Tatariston rahbari O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlariga hamdardlik bildirdi

Nijnekamskdagi dron hujumi oqibatida O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari ham halok bo‘lgan edi.

custom img

Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni AQSh mustaqilligining 250 yilligi bilan tabrikladi va uni O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qildi.

custom img

Narendra Modining O‘zbekistonga kelishi kutilmoqda

Baxtiyor Saidov Narendra Modining O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Hindistondagi hukumat vakillari bilan muzokara o'tkazish uchun Nyu-Dehliga bordi.

custom img

Baxtiyor Saidov AQSH Prezidentining maxsus vakili Serjio Gor bilan uchrashdi

O‘zbekiston va AQSH strategik sherikligini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi

custom img

Issiqko‘lda Markaziy Osiyoda ilk bor F1H2O jahon chempionati bosqichi boshlandi

Ochilish marosimida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlari ishtirok etdi.

custom img

Markaziy Osiyo va Ozarbayjon yagona taraqqiyot makonini shakllantirishi zarur — Shavkat Mirziyoyev

Oʻzbekiston Prezident Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjonning mintaqaviy hamkorligini rivojlantirish istiqbollarini belgilab berdi

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"