Jamiyat

Soxta xaridor kassadagi pullarni o‘marib ketdi

Xaridor sifatida do‘konga kirgan shaxs kassadagi pullarni o‘marib ketgan. Bu haqida Qashqadaryo viloyati IIB xabar berdi.

Soxta xaridor kassadagi pullarni o‘marib ketdi

 

Maʼlum qilinishicha, Qarshi shahar “Orzu” bozorida kiyim-kechak savdosi bilan shug‘ullanuvchi R.X. xaridor ko‘pligidan do‘kondagi nazoratni yo‘qotib qo‘ygan. Tushdan keyin savdo kassasidagi pullarning kamligini sezib qolgach, hisob-kitob qilib ko‘rgan. Oqibatda, 2 200 000 so‘m pulning yo‘qolgani maʼlum bo‘lgan. Mazkur voqeadan so‘ng jabrlanuvchi 22-sentabr kuni Qarshi shahar 2-sonli IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qiladi.

“Shu kuni soat taxminan 14:00 da bir notanish fuqaro do‘konga kelib, go‘yoki, o‘zini kiyim sotib oladigan qilib ko‘rsatib, sotuvchini chalg‘itgan. Nazoratsiz qoldirilgan do‘kon kassasida pullarni yashirin ravishda o‘g‘irlab, ko‘zdan yo‘qolgan. Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida qo‘lga olingan o‘g‘ri Koson tumani “Ushoqtepa” MFYda yashovchi muqaddam sudlangan X.K. ekani maʼlum bo‘ldi”, — deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar 3-sonli IIB TB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Avvalroq denovda pul o‘g‘irlagan fuqaro ushlangani, Jizzaxda firibgar o‘z do‘stining 3500 AQSH dollarini o‘margani hamda Toshkentda dorixonani o‘margan ikki bosqinchi qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.

Soxta xaridor kassadagi pullarni o‘marib ketdi | Zamon.uz