Qarzdorning “Trailblazer” avtomashinasi xatlandi
Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanlararo sudi 2021 yil 9 sentyabrdagi ijro hujjatiga asosan qarzdor H.S.dan Shofirkon tuman Davlat soliq inspeksiyasi foydasiga 650,2 million so‘m soliq qarzdorligi va 26 million so‘m davlat bojini undirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Ijro hujjatlari byuroning Shofirkon tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.


Lekin qarzdor ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramay qarzini to‘lamay yurgan. Shundan so‘ng davlat ijrochisi qarzdor nomida “Trailblazer” rusumli avtomashina borligini aniqlab, unga nisbatan qidiruv eʼlon qildi.
Qidiruv tadbirlari natijasida “Trailblazer” avtomashinasi topilib, xatlandi va jarima maydonchasiga olib kelindi. Hozirda avtomashinani baholab, “E-ijro auksion” elektron savdo maydonchasi orqali savdoga chiqarish choralari ko‘rilmoqda.
Bundan avval tadbirkorlarning soliq hisobotini muddatida taqdim etmagani uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llash bekor qilinishi, davlatimiz rahbarini xavotirga solayotgan soliq idoralari qo‘llayotgan ayrim jarimalari hamda MIB tomonidan 742 ming 476 ta ijro hujjati muddati buzilgan holda ijro etilgani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







