Jamiyat

Belarus kinosi kunlari boshlandi

Bugun “Temiryo‘lchilar” saroyida "Ipak yo‘li durdonasi" XIII Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida Belarus kinosi kunlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Belarus kinosi kunlari boshlandi

 

 

Dastlab “Belarusfilm” milliy kinostudiyasi ijodkorlari ommaviy axborot vositalari  vakillari bilan muloqot qilib, ularning savollariga javob berdi. Belarus kinoijodkorlari fikr-mulohazalari bilan qiziqdik.

 

Vladimir  Karachevski, “Belarusfilm” milliy kinostudiyasi bosh direktori:

 

 

— Kecha bizni Toshkent xalqaro aeroportida juda chiroyli  kutib olishdi.  Festivalning tantanali ochilish marosimida qizil yo‘lakchadan o‘tayotganimizda shaxsan meni qattiq hayajon bosdi. Ana shu lahzalarda va bugun meni bizning filmlarimizni tomoshabin qanday kutib oladi, degan xayol bir muddat tark etgani yo‘q. Fursatdan foydalanib  tadbir tashkilotchilariga delegatsiyamiz nomidan minnatdorlik izhor qilaman.

 

  Belaruslik kinoijodkorlar festivalga qanday filmlar bilan kelgan?

 

— Festivalga  belaruslik kinoijodkorlar tomonidan  ishlangan va  kinofestival  nominatsiyasiga  kiritilgan  “Urush. Inson bo‘lib qolmoq”, “Qo‘poruvchi taqdiri”, “Prantish Virvichning  sarguzashtlari”, “O‘yinchi taqdiri” nomli filmlarimizni olib kelganmiz. Ularda Ikkinchi jahon urushi davrida  boshiga og‘ir musibat tushgan oddiy odamlarning  o‘y-kechinmalari,   urush qatnashchilarining   o‘sha davrga bo‘lgan munosabati, do‘stlik, sevgi-muhabbat kabi  insoniy tuyg‘ular  mahorat  bilan aks etgan. Ushbu festival kelajakda  o‘zaro hamkorlikda  filmlar suratga olish, tajriba almashish, kinostudiyalar va mamlakatlar  o‘rtasida kino  madaniyati va sanʼati  yo‘nalishlaridagi  aloqalarni  rivojlantirishga хizmat qiladi, deb umid qilaman.

 

Eslatib o‘tamiz, kinofestival bosh homiysi: AGMK, NGMK va “O‘zbekneftgaz”. Hamkor homiylar: “O‘ZBEKTELEKOM”, “O‘zdonmahsulot” AK, “O‘zpromstroybank”ATB, “Ipoteka-bank” ATIB, “Asakabank”AJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “Hududgazta‘minot”, “UzAuto Motors”AJ, “O‘zmetkombinat” AJ, “Milliy bank”AJ, “Farg‘onaazot”AJ, “Eriell”, “Bosch” TM, “Easy Booking”.

 

Munojat Valiyeva

Belarus kinosi kunlari boshlandi | Zamon.uz