Jamiyat

Maktablar va maktabgacha taʼlim muassasalarini karantinga yopishga hech qanday asos yo‘q — Sog‘liqni saqlash vazirligi

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtimizda bolalar o‘rtasida yuqori nafas yo‘llari yallig‘lanishi bilan bog‘liq nomaʼlum yuqumli kasallik tarqalayotgani, “Tez yordam” xizmatiga bolalarda isitma ko‘tarilishi bilan bog‘liq chaqiruvlar soni keskin ortgani, shu bois bu qanday kasallik ekanini aniqlash hamda poytaxt umumtaʼlim maktablari va bolalar maktabgacha taʼlim muassasalarini 10 kun muddatga karantinga yopish lozimligi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Bu esa odamlar orasida turli tushunmovchiliklarga sabab bo‘ldi. Aslida, nomaʼlum virus tarqalayotgani haqidagi xabarlar haqiqatga zid. Bu haqda Sog'liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati maʼlum qildi.

Maktablar va maktabgacha taʼlim muassasalarini karantinga yopishga hech qanday asos yo‘q — Sog‘liqni saqlash vazirligi

 

 

Unda aytilishicha, ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat yo‘llagan ushbu shaxs tibbiyot xodimi bo‘lgan. Ammo bu u to‘g‘ri gapiryapti degani emas. Sohada belgilangan tartibga muvofiq, shifokor o‘z amaliyotidagi xulosa va fikrlarini “Tez yordam” xizmatining navbatchi brigadasi boshlig‘i yoki muassasaning masʼul rahbariga, shuningdek, tizimning mutasaddi ekspertlariga bildirishi lozim. Agar uning fikri chindan ham asosli bo‘lsa, muammoni yechish bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda qaror qabul qilinadi va ijroga yo‘naltiriladi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda vazirlik nomiga “Bu qanday kasallik?” – deya murojaat yo‘llash orqali keng ommaning fikrini noto‘g‘ri shakllantirish, aholi o‘rtasida asossiz vahima va bezovtalikni qo‘zg‘ashga sabab bo‘luvchi bunday chiqish mutaxassisdan katta masʼuliyat talab qiladi.

 

Vazirlikning taʼkidlashicha, ushbu tibbiyot xodimining bunday pozitsiyasi sohada o‘rnatilgan tartib va kasb etikasiga umuman ziddir.

 

Aslida, har yili kuz va qish fasli gripp hamda o‘tkir respirator virusli infeksiya kasalliklari avj oladigan palla hisoblanadi. Shu bois, bu yil ham ayni shu mavsumda yurtimizda nafaqat bolalar, balki kattalar o‘rtasida ham yilning boshqa davrlariga nisbatan gripp va O‘RVI xastaliklari nisbatan ko‘proq kuzatiladi.

 

Poytaxt shifoxonalariga o‘tkir respirator virusli infeksiya kasalliklari bilan yotqizilayotgan barcha bolalardan koronavirus infeksiyasiga PZR test tahlillari olinib, kasallikka qarshi tekshirilmoqda. Biroq ularning deyarli barchasida kasallik aniqlanayotgani yo‘q. So‘nggi haftada yurtimizda koronavirus kasalligining umumiy statistikasida ham pasayish bo‘layotganini hisobga olsak, bolalarda uchrayotgan haroratning ko‘tarilishi va boshqa simptomlar COVID-19 infeksiyasi bilan bog‘liq emas.

 

— Tana harorati ko‘tarilishi bilan shifoxonaga murojaat qilayotgan bolalar tekshiruvdan o‘tkazilganda, ularda hech qanday nomaʼlum virus aniqlanmagani, kasallikni oddiy o‘tkir respirator virusli infeksiyalar qo‘zg‘atayotgani maʼlum bo‘lmoqda. Shunday ekan, mavsumiy kasallikdan fojea yasash, shusiz ham bugungi murakkab pandemik sharoitida yashayotgan odamlar orasida asossiz vahima uyg‘otish yaxshi holat emas, deb o‘ylayman.

Qolaversa, har yili tibbiyot xodimlari kuz mavsumi boshlanishi vaqtida aholidan gripp kasalligiga qarshi emlanishni tavsiya qiladi. Chunki gripp kasalligi tanada ko‘proq asoratlar qoldirishi bilan xavfli hisoblanadi. Boshqa o‘tkir respirator virusli infeksiyalar esa tanada deyarli salbiy o‘zgarishlar qoldirmaydi. Shuningdek, grippga qarshi emlanish orqali insonda “chorraha immuniteti” shakllanib, bu boshqa O‘RVI kasalliklariga qarshi ham muhim himoya hisoblanadi, — deydi Respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat ATABEKOV.

 

Sog‘liqni saqlash vazirligining qo‘shimcha qilishicha, joriy yil sentabr oyi boshidan buyon yurtimizda mavsumiy o‘tkir respirator virusli infeksiyalar tarqalishi to‘liq nazoratga olingan va kasallikka chalingan barcha bolalar shifokorlar nazoratida.

 

— Mamlakatimizdagi umumtaʼlim maktablari va maktabgacha taʼlim muassasalarini karantinga yopishga hech qanday asos yo‘q. Yurtdoshlarimizdan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli noto‘g‘ri xabarlarga ishonmaslik hamda vahimaga tushmasliklarini, agar farzandingizda tana harorati ko‘tarilishi, burun oqishi, aksirish kabi belgilar kuzatilsa, oilaviy shifokorga murojaat qilishlarini so‘raymiz, — deydi vazirlik matbuot xizmati.

 

Avvalroq maktablarda anʼanaviy shaklda darslar boshlangani kasallik avj olishiga qanchalik taʼsir etishi, Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori xalqqa murojat bilan chiqqani hamda Pandemiya davrida bolalar va o‘smirlar orasidagi ruhiy kasalliklar ikki baravar oshgani haqida xabar berilgandi.

 

Olamgir Abdiyev

Maktablar va maktabgacha taʼlim muassasalarini karantinga yopishga hech qanday asos yo‘q — Sog‘liqni saqlash vazirligi | Zamon.uz