Xorazmda xonadonida 230 kg isteʼmolga yaroqsiz go‘sht saqlab kelgan fuqaro ushlandi
Xorazmlik fuqaro o‘z xonadonida isteʼmolga yaroqsiz 230 kilogramm go‘sht mahsulotlarini saqlab kelgani aniqlandi. Bu haqda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.


Maʼlum qilinishicha, Davlat veterinariya xizmatining IIB Karantin bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikdagi reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash maqsadida o‘tkazilayotgan tadbir doirasida Xorazm viloyatining Xonqa tumanida yashovchi fuqaroning xonadoni ko‘zdan kechirilgan.
Tekshiruvlar davomida fuqaro kelib chiqishi nomaʼlum bo‘lgan jami 230 kilogramm isteʼmolga yaroqsiz qoramol go‘shtini saqlab kelayotgani maʼlum bo‘lgan.
Ushbu go‘sht mahsulotlari eskirgan deya topilib, belgilangan tartibda yo‘q qilingan.
Avvalroq Toshkent viloyatining Nurafshon shahridagi yashirin sexda qariyb 400 kg sifatsiz go‘sht aniqlangani, birlamchi veterinariya hujjatlariga ega bo‘lmagan 2254 kg go‘sht mahsulotlari Qashqadaryo — Toshkent yo‘nalishida to‘xtatib qolingani haqida xabar berilgandi.







