Iyul-sentabr oylarida 675 nafar qarindosh yigit-qiz nikohdan o‘tgan
Shu yilning iyul-sentabr oylarida FHDYO organlari tomonidan qarindosh bo‘lgan 675 nafar kelin-kuyovning nikohi qayd qilindi. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi xabar berdi.

Unda aytilishicha, 285 nafar kelin-kuyov bir-biriga nisbatan xolavachcha, 172 nafari tog‘avachcha, 114 nafari amakivachcha va 104 nafari ammavachchalar.
Shuningdek, qarindoshlar o‘rtasida eng ko‘p nikoh qayd qilingan hududlar Surxondaryo (268 ta), Qashqadaryo (179 ta) va Sirdaryo (40 ta) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Maʼlumot uchun: Oila kodeksining 16-moddasiga asosan nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan qarindoshlar o‘rtasida, tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalar bilan opa-singillar o‘rtasida, shuningdek farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar o‘rtasida nikoh tuzish taqiqlanadi.
“Mutaxassislar fikricha, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh yurak-qon tomir kasalliklarining tug‘ma turlari kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.” – deya taʼkidlaydi agentlik.
Bundan avval yarim yilda 1272 nafar o‘zbekistonlik qiz xorijliklarga turmushga chiqqani, 6 oyda 60 yoshdan oshgan ayollar orasidan 152 ta nikoh holati qayd etilgani hamda Turkiyaga kelin bo‘lgan o‘zbek qizi tillalarni olib, uyidan qochib ketgani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







