Fuqarolarga imtiyozli kredit olib berishni vaʼda qilgan firibgar ushlandi
Andijonda fuqaro O.K. fuqaro O.T.ga o‘zini go‘yoki Ispaniya davlatida faoliyat yurituvchi bankning O‘zbekiston Respublikasidagi vakili sifatida tanishtirib, undan tadbirkorlik faoliyati uchun mazkur bankdan 200 000 AQSH dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratib berish evaziga 6 300 AQSH dollarni aldov yo‘li bilan olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Bu haqda prokuratura departamenti xabar berdi.
Shuningdek, tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro О.K. muqaddam fuqarolar K.A. va Q.B.larni ham shu yo‘sinda aldab, ulardan ham 21 500 AQSH dollar olganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Toshkentda o‘qishga kiritib qo‘yishni vaʼda qilgan firibgar va uning sherigi qo‘lga olingani hamda soxta prokuratura xodimi va uning sherigi ushlangani haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva







