DXX tomonidan qalbaki pul ishlab chiqarayotgan shaxslar aniqlandi
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Piskent tuman bo‘limi tomonidan DXXning toshkent viloyati boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda qalbaki pul ishlab chiqarayotgan shaxslar qo‘lga olingan.

Aniqlanishicha, fuqaro Sh.S. 100 ming so‘mlik kupyuradagi jami 48,9 million so‘m qalbaki pullarni o‘tkazish maqsadida yonida olib yurgan vaqtida ushlangan. Ijarada yashab kelayotgan xonadoni ko‘zdan kechirilganda, Sh.S.ning sheriklari M.O‘., S.M. va A.A.lar tomonidan kompyuter texnikasi yordamida tayyorlanib, rangli printerda chop etilgan yana 2,5 million so‘m qalbaki pullar mavjudligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq soxta valyutalarni olib kirishga bo‘lgan urinishlarning oldi olingani haqida xabar berilgandi.







