“Mushtum” “tanaffus”dan qaytdi. Endi uning ertasi qanday bo‘ladi?
“Mushtum” jurnali ikki yillik tanaffusdan so‘ng O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi ko‘magida yana chop etila boshladi. Bu, albatta, jurnal muxlislarini quvontiradi.

Yangi nashr 3 ming nusxada, oq qog‘ozga bosilgan. Endi ijtimoiy tarmoqlarda uning sahifalarini ham yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Bundan 98 yil burun Abdulla Qodiriy va yana bir guruh ziyolilar tashkil qilgan “Mushtum” o‘z vaqtida chin maʼnoda “mazlumlar mushti” bo‘lib, muttahamning boshiga, poraxo‘rning yuziga tushdi. Unda bosilgan hajviyalar, felyetonlar “menman” degan notiqning nutqidan taʼsirli, o‘tkir edi. Xalq shuning uchun ham “Mushtum”ni sevib o‘qirdi. Uyining to‘rida asrardi. Qayta-qayta, takror-takror o‘qirdi.
Bir vaqtlar milliy publitsistikamizda hajv, felyeton va yumor so‘zlari “Mushtum”dan keyin aytilardi. U paytlarda jurnalning adadi shunday “rekord” darajagacha yetgan ediki, har 15 kunda 850 ming adadda nashr qilingan. Obunachilar uning keyingi sonlarini intiq kutib, qo‘liga olganida hayajon bilan o‘qigan.
“Mushtum” hajviy, tanqidiy, ko‘ngilochar jurnal deya ommaga qayta tanishtirilar ekan, “ko‘ngilochar” so‘zini ehtimol “sirochar” so‘zi bilan almashtirish vaqti kelgandir, deb o‘ylaydi kishi. Yaʼni, tanqidning “ko‘ngilochar”i emas, “sirochar”i bo‘ladi. “Mushtum”ning vazifasi esa ko‘ngil ochishmas, muammoni hajv bilan tanqid qilishdir.
— Shaxsan men jurnalning “ko‘ngilochar” degan joyiga qarshiman. Tahliliy-tanqidiy deyiladigan bo‘lsa, qo‘shilishim mumkin. Chunki hamma narsa ko‘ngilochar bo‘lib ketdi. Televideniyalar ko‘ngilochar, gazetalar ko‘ngilochar. Demoqchimanki, jurnal “ko‘ngilochar” bo‘lmasin. Ko‘nglimiz ochilib ham, sochilib ham bo‘ldi. “Mushtum” haqiqiy maʼnoda tanqidiy jurnal bo‘lishi kerak, – deydi “Qishloq hayoti” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Habib Temirov.
— Mansabdor jurnalning har bir sonini qo‘liga olganida “meni “urib” chiqishmadimikin?” deb yurak yutib varaqlashi, xalq esa unda o‘zining tilini, dardini topishi va o‘qishi lozim. “Mushtum” o‘zining anʼanalarini tiklashi zarur, – deya urg‘ulaydi “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev.
Qayta nashr qilingan “Mushtum” o‘zining dovruqli o‘tmishini takrorlay oladimi? Balki undan ham yuksakka chiqar? Yoki bugungi tantanali ochilish marosimidan hech qancha vaqt o‘tmasdan yana tanaffusga chiqib ketadimi? Nashrning yo‘li va kelajagi endi qanday bo‘ladi? Jurnalning taqdimot marosimida so‘zga chiqqan taniqli jurnalist, soha tadqiqotchilari va hajvchilar ana shunday savollarni o‘rtaga tashladi, o‘z taklif va fikr-mulohazalarini bildirdi.
Avvalroq "Yangi O‘zbekiston" kitob-albomining taqdimoti o‘tkazilgani hamda Hindiston nashrlarida milliy nashrlarimizdan biri haqida maqola bosilib chiqqani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







