Samarqanddagi portlash yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Maʼlum bo‘lishicha, Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahri, Toshkent ko‘chasi 145-uyda gaz portlashi sodir bo‘ldi.


Mazkur portlash mahalla o‘rtasidan olib o‘tilgan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasiga tegishli 4 ta yirik (6 kg.lik) gaz quvurlarining nosoz holga kelib qolgani sababli sodir bo‘lgan.
Xonadon egasi Qahramon Sultonovning aytishicha, o‘sha kuni xonadonga qo‘shni Qozog‘iston Respublikasidan mehmon kelib, ular tonggacha suhbatlashib o‘tirgan. Tonggi soat 4:15 atrofida portlash yuz berganida ham hamma uyg‘oq bo‘lib, darhol tashqariga otilgan. Afsuski, shunga qaramay ikki kishi kuyish tan jarohati olgan. Jumladan, qozog‘istonlik mehmon jiddiy kuyish tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan. Uy egasining akasi ham jarohatlangan.
Hududda yashovchi aholi xavf ehtimoli borligi haqida bir yildan buyon viloyat va respublika darajasidagi qator idoralarga murojaat qilib kelayotgani aytilmoqda.
Mahalla aholisi mazkur hududda bunday voqea ikkinchi marta kuzatilayotganini aytmoqda. Ular shu sababdan ham najot so‘rab qator idoralarga murojaat qilgan.
Mazkur hodisadan so‘ng “Kattaqo‘rg‘onshahargaz” gaz taʼminoti bo‘limi mutasaddilari ishtirokida mahalladan o‘tkazilgan quvurlar qazib tekshirilganda, AGQSHga tortilgan yirik gaz quvurlaridan biri yorilib, gaz shu orqali tarqagani aniq bo‘lgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval Navoiyda gaz quyish shoxobchasi portlagani va Ozoda Nursaidovani tug‘ilgan kunida gaz orqali shishirilgan sharlar portlab ketgani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







