Toshkent viloyatidagi mebel sexida yong‘in yuz berdi
Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi mebel ishlab chiqarish sexida yong‘in yuz berdi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Zangiota tumani "Chig‘atoy Oqtepa" MFY "Toshkent halqa avtomobil yo‘li" ko‘chasida joylashgan mebel ishlab chiqarish sexida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida xabar viloyat FVBga 12-oktabr kuni soat 15:08 da kelib tushgan.
Taʼkidlanishicha, 7 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga soat 15:16 da yetib borib, yong‘in soat 15:25 da qurshab olingan va soat 16:07 da batamom o‘chirilgan.
Yong‘in oqibatida mebel ishlab chiqarish sexining, taxminan, 170 kvadrat metr maydondagi tomi, shifti hamda ichki jihozlari yonib zararlangan.
Hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q.
Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Avvalroq Andijondagi ikki qavatli savdo markazining yerto‘lasida yong‘in sodir bo‘lgani, Samarqand shahridagi xonadonlarning biri yonib ketgani, Jizzax viloyati Zarbdor tumanidagi xonadonning og‘ilxonasida yong‘in yuz bergani hamda Toshkent viloyati Angren shahridagi ko‘p qavatli uyda yong‘in chiqqani haqida xabar berilgandi.







