Jamiyat

Toshkentda xavfli manyovrlarni bajargan "erkatoy”lar javobgarlikka tortildi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Toshkentdagi ko‘chalardan biri bo‘ylab xavfli manyovrlarni bajargan holda harakatlangan “Lacetti” videosi bo‘yicha IIV YHXBB maʼlumot berdi.

Toshkentda xavfli manyovrlarni bajargan "erkatoy”lar javobgarlikka tortildi

 

Maʼlum qilinishicha, videodagi holat 4-sentabr kuni soat 22:50 da Yunusobod tumani Alisher Navoiy ko‘chasida sodir bo‘lgan. 30 yoshli J.K. “Lacetti” avtomobilida xavfli manyovrlar bilan, ruxsat etilmagan bo‘lsa-da transport vositasiga yalt-yalt yonuvchi mayoqchalar o‘rnatgan holda harakatlangan.

 

Qayd etilishicha, haydovchi ushbu qoidabuzarlik sodir etilgan ko‘chada xizmat olib borgan YPX xodimi Z.Ahmadjonov tomonidan to‘xtatilgan. Tekshiruv davomida avtomobil yon oynalarining tusi tegishli ruxsatnomasiz qoraytirilgani ham aniqlangan. Haydovchi YPX xodimining qonuniy talablarini bajarmagan.

 

Unga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 126- (ko‘zgusimon va tusi o‘zgartirilgan oynali, shuningdek, tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish), 128- (transport vositalari haydovchilarining halaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqishi), 135- (yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) hamda 194-moddalari (ichki ishlar xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) tartibida maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga qo‘yilgan.

 

"Barcha haydovchilardan yo‘llarda qoidalarga rioya qilishlarini, o‘zi va atrofdagilar salomatligini xavf ostiga qo‘ymasliklarini so‘raymiz", — deyiladi xabarda.

 

Avvalroq Andijon shahrida turli xavfli “manyovr”lar bilan boshqa harakat qatnashchilariga halaqit bergan fuqaroning ushlangani, Jizzaxda “Hyundai” va “KamAZ” ishtirokidagi YTH oqibatida haydovchilardan biri halok bo‘lgani hamda Toshkentda qidiruvda bo‘lgan haydovchi YPXdan qochayotganida inspektor va piyodani urib yuborgani  haqida xabar berilgandi.

Toshkentda xavfli manyovrlarni bajargan "erkatoy”lar javobgarlikka tortildi | Zamon.uz