O‘zbekiston qamoqxonalarida qancha diniy va siyosiy mahbuslar mavjudligi ochiqlandi
AQSHning Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasi (USCIRF) hisobotida keltirilishicha, O‘zbekiston diniy va siyosiy mahbuslarni saqlash bo‘yicha dunyoda eng yuqori ko‘rsatkichga ega.

USCIRF maʼlumotlarida, O‘zbekistonda 2016-yil oxiridan boshlab minglab mahbuslar ozod qilinganiga qaramay, 2000 dan ortiq diniy va siyosiy mahbuslar qamoqda qolmoqda. Ularning 1176 nafari maxsus koloniyalarda, 1000 nafari esa manzil-koloniyalarda saqlanadi.
Ularning umumiy soni 2176 nafar. Bu mamlakatdagi mahbuslarning 10 foizga yaqinini tashkil etadi. Shuningdek, 2020-yil oxirida 43 ta qamoqxonada 22 867 nafar mahbus bo‘lgan.
Tadqiqotning rasmiy maʼlumotlarida yaqinda qamoqdan ozod qilingan mahbuslar, huquq himoyachilari va ayni paytdagi mahbuslarning qarindoshlari bilan suhbatlar hamda sud hujjatlari keltirib o‘tilgan.
Qayd etilishicha, ko‘p sondagi diniy mahbuslar faqat taqiqlangan diniy guruhlarga aʼzolikda ayblanib, zo‘ravonliklarga aloqadorligi isbotlanmagan holda hukm qilingan.
Shu bilan birga, Jinoyat kodeksining 221-moddasi (jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyatining qonuniy talablarini bajarmaslik) bekor qilinganiga qaramay, O‘zbekistonda diniy va siyosiy mahbuslarning katta qismi yangi ayblovlar bilan hali ham hibsda saqlanmoqda. Bu esa hukmning takroran chiqarilishi adolatli sudlov standartlarining buzilishiga olib kelmoqda.
Maʼlum bo‘lishicha, O‘zbekiston hukumati ushbu diniy mahkumlar uchun chiqarilgan qayta hukmlar to‘g‘risidagi aniq maʼlumotlarni taqdim etmagan.
Biroq hisobotga ko‘ra, qayta hukm o‘qilganlarning aksariyati JKning 159, 216, 244- va boshqa ekstremizmga oid moddalari bo‘yicha qamalgan mahbuslardir. Komissiya hujjatlarining ilovalarida bunday mahkumlar uchun yangi qamoq muddatlari 6 yildan 18 yilni tashkil qilishini ko‘rsatib o‘tgan.
Хususan, Komissiya ekspertlarining fikricha, hukumat imkon qadar tezroq qamoqdalik vaqtida 221-modda bo‘yicha muddati uzaytirilgan yoki qayta hukm o‘qilishi bilan bog‘liq har bir mahkum ishini maqsadli tartibda o‘rganib chiqishi lozim.
Hisobotda jami 81 nafar mahkumning ismlari keltirilgan bo‘lib, ular: Toxir Jumanov, Miraziz Mirzahmedov, Ravshan Karimov, Jamshidbek Otabekov, Shamsiddin Giyosov, Rustam Turnaziyev, Nomoz Normurodov, Shuhrat Usmanovdir va boshqalar mahbuslarning ham nomi ro‘yxatda keltirilgan.
Maʼlumot o‘rnida: alohida qayd etilgan mahbus Avaz To‘xtaxo‘jayev 1999-yilda birinchi marta sudlanganidan beri qamoq muddati besh marta uzaytirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya poytaxti Moskvada “Hizb ut-Tahrir” guruhi qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







