Qarzdor xatlangan "Malibu"sidan ayrilib qolishdan qo‘rqib, qarzini to‘lab berdi
Qidiruvdagi mashisi topilib, xatlanish uchun vaqtincha avtoturargohga joylangandan so‘ng qarzdor fuqaro beligilangan summani to‘lab berdi. Bu haqda MIB xabar berdi.


Unda aytilishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudining joriy yil 16-fevraldagi ijro hujjatiga asosan qarzdor A.I.dan undiruvchi korxona foydasiga jami 56.2 million so‘m qarzdorlik belgilangan.
Mazkur ijro hujjati byuroning Urganch shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgach, ijro ishi yurituvi qo‘zg‘atilgan. Qaror nusxasi taraflarga yuborilib, qarzdorga ixtiyoriy muddat berilgan.
Biroq qarzdor belgilangan summani to‘lamagani sababli ijro ishi doirasida qarzdorning barcha yo‘nalishlariga cheklovlar qo‘yilgan. Shuningdek, unga tegishli bo‘lgan “Malibu” rusumli transport vositasiga nisbatan ham bo‘lim tomonidan qidiruv eʼlon qilingan.
Olib borilgan qidiruv harakatlari natijasida mazkur transport vositasi Urganch tumani hududida harakatlanib yurgani aniqlangan. Shundan so‘ng, avtoulov xatlangan va Urganch tumanidagi avtomashinalarni vaqtincha saqlash joyiga olib borilgan.
Qarzdor o‘ziga tegishli bo‘lgan transport vositasidan ayrilib qolishini bilib, qarz summasini to‘lab bergan. Ijro harakatlari to‘xtatilgan.
Avvalroq qarzdorlarning “Trailblazer” hamda “Nexia 3” rusumli avtoulovlari xatlangani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







