9 yil oldin sodir etilgan mudhish qotillik fosh etildi
Bundan 9 yil avval Qashqadaryo viloyati Koson tumani “Qorabo‘yin” mahallasida yashagan T.G‘. o‘ziga tegishli “Nexia-2” rusumli avtomashinasida uyidan chiqib ketib, qaytib kelmagan.

Keyinroq, T.G‘. boshqaruvidagi avtomashina Samarqand shahar, “Madaniyat” mahallasidagi ko‘p qavatli uyning orqa tomonidan topilgan va holat yuzasidan Qarshi tuman prokuraturasiinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bedarak yo‘qolgan T.G‘.ning avtomashinasini ko‘zdan kechirish davomida, avtomashinaning turli joylaridan jami 14 dona barmoq, kaft izlari olingan.
Tergovda aniqlanishicha, M.O., T.A. va D.S. tomonidan bedarak yo‘qolgan T.G‘ qasddan o‘ldirilib, uning jasadini Chiroqchi tumani, “Sho‘rbozor” mahallasi hududida joylashgan zahiradagi dala maydonida ko‘mib, avtomashinasini esa Samarqand shahar, “Madaniyat” mahallasi, “Narpay” ko‘chasidagi ko‘p qavatli uyning orqa tomoniga tashlab ketishganligi aniqlangan.
M.O., T.A. va D.S. larning sodir etgan jinoyatlari ularning iqrorlik ko‘rsatuvlari, jinoyat sodir etilgan joyda aniqlangan barmoq izlari, ko‘rsatmalarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish va yuzlashtirish tergov harakatlari hamda boshqa dalillar majmui bilan to‘liq o‘z isbotini topgan.
Ushbu jinoyat ishi yuzasidan 3 nafar shaxslarga jinoyat kodeksining Kning 97-moddasi bilan ayb eʼlon qilinib, barchasiga "qamoqqa olish" ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan Qashqadaryo viloyat prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, MIB xodimiga bolta ko‘targan rais jazolangani hamda Qarshida bar xodimi mehmonni pichoq bilan o‘ldirgani haqida xabar bergan edik.
Munojat Valiyeva







