Jamiyat

Aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha nizomga qisqacha sharh

Kam taʼminlangan oilalarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali aniqlash, ularga nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi. Bunda “nafaqa” deganda oilada yashovchi bolalar nazarda tutilgan.

Aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha nizomga qisqacha sharh

 

Nizomga ko‘ra, ishlovchi onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bola parvarishi uchun har oy to‘lanadigan nafaqa muddati tugaganidan so‘ng bolalar nafaqasini olishi mumkin. Yaʼni, go‘dak 2 yoshga yetgandan so‘ng unga qarovchilar Nizomda tasdiqlangan moddiy yordam tartibiga o‘tishlari mumkin.

 

Bolalar nafaqasi 12 oy muddatga tayinlanadi. Shu bilan birga, oiladagi eng kichik farzand 17 yoshdan o‘tgan bo‘lsa, unda moddiy summa o‘smir 18 yoshga to‘ladigan oyning oxirigacha to‘lanadi. Shuningdek, oilaning yagona bolasi uchun ham mazkur tartib amal qiladi.

 

Nizomga binoan, moddiy yordam farzandi yo‘q oilalarga 6 oy mobaynida berib boriladi. Barcha bolalari 18 yoshdan katta xonadonlar ham shu tizim va muddat jarayonida moddiy taʼminlab boriladi. Belgilangan mezon mos keladigan yakka-yolg‘iz fuqarolar ham belgilangan yarim yil davomida nafaqa olishlari munkin.

 

Kam taʼminlangan oilalar uchun to‘lanadigan nafaqani olishda bir nechta talablar ham mavjud. Jumladan, oila joriy yilning 1 sentyabridan hisoblaganda, tushadigan bir oylik o‘rtacha daromad har bir oila aʼzosi uchun 440 ming so‘mdan ortiq bo‘lmasligi kerak.

 

Bundan tashqari, 2022 yildan boshlab, oilaning har bir aʼzosiga jami bir oylik o‘rtacha daromad minimal isteʼmol xarajatlari miqdoridan oshmasligi lozim. Bu tartibdagi oila kam taʼminlangan deb eʼtirof etiladi.

 

Bolalar nafaqasi va moddiy yordam tegishli arizalarga asosan tayinlanadi. Bunda xonadon “Yagona reyestr” AT orqali kam taʼminlangan oila deb tan olinishi kerak.

 

Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olishni boshlagan oila bir oyda bir marta "Yagona reyestr” ATga ariza topshirishi va oilaviy holati bo‘yicha maʼlumot berib borishi shart.

 

Bolalar nafaqasi va moddiy yordam ariza beruvchi murojaat qilgan oydan boshlab to‘lanmaydi. Tartib keyingi oydan amal qiladi.

 

Qarorga ko‘ra, keyingi yilning martigacha jismoniy shaxslarning dala-tomorqa yer maydonlari ro‘yxati shakllantiriladi. Olingan tegishli maʼlumotlar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga taqdim etib boriladi.

 

Eslatma: Byudjet tashkilotlarida ishlaydigan onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar uchun bu tartib amal qilmaydi. Bolalar nafaqasi oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib tayinlanadi.

 

Bundan aval “Bolalar puli”ni olish oila aʼzolariga taqsimlanadigan oylik daromadga bog‘liqligi, “Bolalar puli” bola soniga qarab belgilanishi hamda Kam taʼminlangan oila farzandlariga moddiy yordam ko‘rsatilishi haqida xabar berilgandi.

 

Olamgir Abdiyev

Aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha nizomga qisqacha sharh | Zamon.uz