Markaziy Osiyo O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishi bo‘lib qoladi – tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari
So‘nggi besh yilda qo‘shnilar bilan ishonchli aloqalar o‘rnatilgani aytildi.

Bugun, 23 Xalqaro Media-xollda "Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini o‘rnatish, O‘zbekistonning pragmatik tashqi siyosati" mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Siddiqov va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Osiyo Xalqaro instituti direktori o‘rinbosari Baxtiyor Mustafoyev ishtirok etdi.
Erishilgan yutuqlar
Furqat Siddiqov so‘nggi besh yilda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar tom maʼnoda yangi bosqichga ko‘tarilganini qayd etdi. Yaxshi qo‘shnichilik, keng qamrovli hamkorlik natijasida qo‘shni davlatlar bilan aloqalar kengaydi. Baxtiyor Mustafoyev ham o‘z navbatida Markaziy Osiyo bilan aloqalarning rivojlanishi O‘zbekiston ichki siyosatining uzviy davomi ekanini maʼlum qildi.
Buning misolini tashqi savdo aylanmasida ham ko‘rish mumkin. Xususan, 2020 yilda mintaqa davlatlari bilan tovar ayirboshlash 2 barobarga ortdi. “2016 yilda Markaziy Osiyo mintaqasi YAIM 250 milliard dollarni tashkil etsa, 2020 yilda bu 300 milliard dollardan oshdi. 2020 yilda mintaqaga kiritilgan investitsiyalar hajmi 2016 yilga nisbatan 40 foizga ko‘paydi”, – deb qayd etdi Baxtiyor Mustafoyev.
Qaysi yo‘nalishlarni rivojlantirish muhim?
Siddiqov istiqboldagi asosiy yo‘nalishlarni maʼlum qildi.
Birinchidan, Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiy hamkorligining asosiy yo‘nalishlari aks etgan iqtisodiy model ishlab chiqish zarur. Bundan tashqari chegaraoldi hududlar o‘rtasida savdo aloqalarini kengaytirish, erkin savdo zonalarini yaratish, sanoat kooperatsiyalarini kengaytirish kerakligi taʼkidlandi.
Ikkinchidan, mintaqa davlatlari o‘rtasida transport-logistika aloqalarini rivojlantirish muhim. Bunda O‘zbekiston uch yo‘nalishga eʼtibor berishi maʼlum qilindi.
- Birinchisi, Kaspiy yo‘nalishi;
- Ikkinchisi, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston avtomobil yo‘li qurilishini yakunlash;
- Uchinchisi, Mozori-Sharif-Kobul-Peshovar temiryo‘li loyihasi.
Uchinchidan, xalq diplomatiyasini rivojlantirish. Buning asosiy sababi – mintaqa davlatlari aholisi soni oshib bormoqda. Ularning aksariyatini yoshlar tashkil etadi. Xalq diplomatiyasi Markazi Osiyo xalqlari o‘rtasidagi aloqalarni yana-da yaxshilashga xizmat iladi.
To‘rtinchidan, mintaqaning ulkan qishloq xo‘jalik salohiyati qishloq xo‘jaligidagi hamkorlikni kengaytirishni taqozo etmoqda. Shuning uchun qishloq xo‘jalik vazirlari uchrashuvlarini doimiy ravishda tashkil etish maqsadga muvofiq.
Beshinchidan, pandemiya davomiyligi yana bir bor sog‘liqni saqlash tizimidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligini namoyon qildi. Eng avvalo emlash sertifikatlarini tan olish zarurligi taʼkidlandi.
Oltinchidan, global iqlim o‘zgarishi bu yo‘nalishda ham birgalikda harakat qilishni taqozo etmoqda. Shu maqsadda mintaqa mamlakatlari o‘rtasida “yashil energetika”, suv resurslari va Orol muammosi bo‘yicha yagona strategiyani ishlab chiqish har qachongidan-da muhim.
Afg‘oniston masalasi
“Afg‘oniston — Markaziy Osiyoning ajralmas qismi”, – deb taʼkidladi Furqat Siddiqov. Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarining fikricha, hozirda Afg‘onistonga zarur gumanitar yordamni taqdim etish muhim. Ayniqsa, yaqinlashib kelayotgan qish mavsumida bu naqadar dolzarbligi aytildi.
Shu bilan birga 7-oktabr kuni Abdulaziz Komilovning Kobulga tashrifi, 16-oktabr kuni Termizda Afg‘oniston vaqtinchalik hukumati delegatsiyasi bilan muzokaralar ishchi aloqalarning kengayishiga sabab bo‘lgani taʼkidlandi.
“O‘zbekiston Afg‘onistonni Janubiy Osiyo yo‘lidagi to‘siq emas, balki bog‘lovchi ko‘prik sifatida ko‘radi. Mamlakatda tinchlik o‘rnatilishidan faqat mintaqa davlatlari emas, butun dunyo manfaatdor”, – deb qo‘shimcha qildi Siddiqov.
Bundan avval Termizda “Tolibon” bilan muzokaralar o‘tkazilgani hamda Abdulaziz Komilov Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri bilan uchrashgani xabar qilingandi.
Jahongir Qo'ziyev







