Buyuk Britaniya Orol bilan bog‘liq yangi loyiha uchun 500 ming dollar ajratdi
Bu Оrolning o‘ziga xos biologik xilma-xilligini saqlab qolishga yordam beradi.

Buyuk Britaniya “Vozrojdeniye oroli: Orol atrofida tadbirkorlik, tabiatni asrash va taraqqiyot” loyihasi uchun 500 ming dollar ajratdi. Bu Darwin Initiative maxsus grant dasturi doirasida taqdim etiladi.
Ushbu dastur rivojlanayotgan davlatlarda qashshoqlikni qisqartirish va biologik xilma-xillikni asrash uchun yo‘naltirilgan. Unda Kent universiteti huzuridagi Darrel instituti, Sayg‘oqlarni qutqarish xalqaro alyansi, FA Zoologiya universiteti va O‘zbekiston Ekologiya qo‘mitasi ishtirok etadi.
Loyiha uch yilga mo‘ljallangan. Bu davr ichida Orol dengizidagi Vozrojdeniye oroli va uning atrofiga alohida muhofazalanadigan hudud maqomini berish rejalashtirilgan. Bu orolning o‘ziga xos biologik xilma-xilligini, xususan, yo‘qolib ketish xavfida bo‘lgan sayg‘oqlarni saqlab qolishga yordam beradi. Shu bilan birga mahalliy aholini, eng avvalo, turizmni rivojlantirish orqali doimiy daromad manbai bilan taʼminlash mo‘ljallanmoqda.
“Bu tashabbus hukumat, biznes, xorijiy hamkorlar va mahalliy aholining birgalikdagi harakatlari orqali mintaqaning iqtisodiy va ekologik imkoniyatlarini namoyish qilishga yordam beradi. Maqsad – Orolbo‘yining qayta tiklanish ramziga aylantirish”, – deydi loyiha rahbari, Kent universiteti professori Jozef Bull.
Vozrojdeniye oroli – Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida joylashgan. 1940 yilda uning hududida “Barxan” harbiy biokimyo laboratoriyasi qurilgan.
Bundan avval Qoraqalpog‘istonda brakonyerlar qo‘lga olingani xabar qilingandi.







