O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas...
63 yoshli erkak yana o‘g‘irlikka qo‘l urdi.

Sirdaryo tumanida yashovchi 63 yoshli A.Rahimov ilgari olti marotaba sudlangan. Umrining 25 yildan ortig‘ini panjara ortida o‘tkazgan. U yana jinoyatga qo‘l urdi.
A.Rahimov galdagi jinoyatni sodir etish maqsadida mast holatda Sirdaryo shahridagi R.Otamurodova hovlisi devoridan oshib o‘tgan. O‘g‘irlikni amalga oshirayotgan vaqtda uni uyga kelib qolgan voyaga yetmagan S.Saydaliyeva ko‘rib qolgan. A.Rahimov jinoyatini oxiriga yetkazmay, voqea joyidan yashiringan.
Bundan tashqari, Sirdaryo tumani IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan “Qoradori — 2021” tadbirida A.Rahimovning xonadoni ko‘zdan kechirilganida, molxonasi yonida joylashgan qurigan daraxt shoxlari orasida tuvaklarda nasha yetishtirayotgani aniqlangan.
Tezkor qidiruv ishlari natijasida A.Rahimov qo‘lga olindi. Sud hukmiga ko‘ra, unga nisbatan 6 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.
Bundan avval Qashqadaryoda birovning uyiga mehmonga kelgan shaxs mashina o‘g‘irlab qochib ketgani hamda jarimalardan 8 million qarzi bor fuqaro qo‘shnisining avtomobilini o‘g‘irlab ketgani haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva







