Umumiy ovqatlanish korxonalari va sayyohlik firmalari pandemiya sharoitida qo‘llab-quvvatlanmoqda
Ayni vaqtgacha Toshkent viloyatida 1 100 dan ortiq umumiy ovqatlanish korxonasi mavjud.

Shundan qiyinchilikka uchrayotgan 809 ta umumiy ovqatlanish korxonasiga joriy yilning oxiriga qadar yuridik shaxslardan olinadigan yer va mol-mulk soliqlar to‘lovida imtiyoz berildi.
Ular jami 1.9 milliard so‘m, jumladan, yer solig‘idan 1.4 milliard so‘m, mulk solig‘idan 0.6 milliard so‘m to‘lashdan ozod qilindi.
Pandemiya sharoitida umumiy ovqatlanish korxonalari va sayyohlik firmalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2021-yil avgustda qabul qilingan “Umumiy ovqatlanish va turizm sohalarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2021-yil 1-sentabrdan boshlab, 2021-yil 31-dekabrga qadar umumiy ovqatlanish korxonalarini yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq to‘lashdan ozod qilish belgilandi.
Shuningdek, mazkur aylanmadan olinadigan soliq, foyda solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq hamda yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini ikkiga bo‘lib to‘lash bandi ham qo‘shilgan.
Bundan tashqari, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yig‘imlar bo‘yicha 2021-yil 15-avgust holatiga ko‘ra mavjud qarzdorlikni kechiktirib (bo‘lib-bo‘lib) to‘lash huquqi ham beriladi. Shu bilan birga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga ariza yubormasdan turib, barcha soliqlar bo‘yicha jarima va penyalarni 2022-yil 1-yanvardan 1-iyulga qadar teng miqdorlarda kechiktirib to‘lash huquqi beriladi. Bunda foizlar ham undirilmaydi.
Maʼlumot uchun: ularning bugungi kundagi mavjud qarzi 8 milliard so‘mni tashkil qiladi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval 1-iyuldan tadbirkorlarga qanday imtiyozlar berililishi hamda Prezident vaʼda qilgan mashina yosh tadbirkorga topshirilgani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







