Paxta yig‘im-terim xarajatlarini moliyalashtirish tizimi takomillashtiriladi
"Paxta xomashyosini yetishtirish va uning yig‘im-terim xarajatlarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident qarori qabul qilindi.

2022 yil paxta yetishtirish va yig‘im-terim uchun Qishloq xo‘jaligini moliyalashtirishning bir nechta tartiblari joriy etiladi. Bunda mablag‘ bilan taʼminash davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan amalga oshiriladi.
Qarorda aytilishicha, paxta yetishtirish va yig‘im-terimni imtiyozli moliyalashtirish tizimi kuchaytiriladi. Bunda mazkur vazifani klasterlar va Urug‘chilikni rivojlantirish markazidagi elita urug‘chilik xo‘jaliklari amalga oshiradi.
Shuningdek, banklar tomonidan Jamg‘arma resurslaridan quyidagilar uchun imtiyozli kreditlar ham ajratiladi:
• paxta-to‘qimachilik klasterlariga paxta yetishtirish uchun. Bunda paxta qiymatining 60 foizigacha miqdorda yillik 10 foiz miqdorda 24 oyga(18 oylik imtiyozli davr va 19-oydan boshlab so‘nggi 6 oy davomida teng ulushlarda qaytarish sharti bilan);
• elita urug‘chilik xo‘jaliklariga paxta yetishtirish uchun. Bunda paxta qiymatining 60 foizigacha yillik 10 foiz stavkada 14 oyga;
• paxta-to‘qimachilik klasterlari va elita urug‘chilik xo‘jaliklariga paxta yig‘im-terimini moliyalashtirish uchun. Bunda paxta qiymatining 20 foizigacha miqdorda yillik 10 foiz miqdorida 12 oyga(3 oylik imtiyozli davr bilan).
Paxta-to‘qimachilik klasterlariga paxta xaridi bo‘yicha yakuniy hisob-kitob uchun 12 oygacha milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha summaning maʼlum bir qismini qoplash uchun Jamg‘arma hisobidan kompensasiya to‘lanadi.
Eslatma. Buning uchun kredit foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 10 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda bo‘lishi lozim.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga mineral o‘g‘it, yoqilg‘i-moylash, texnikaga oid masalalar, ularni import qilishni mustaqil hal qilish huquqi beriladi. Bunga har qanday tarzda aralashish taqiqlanadi.
Avvalroq fermer xo‘jaliklari yer solig‘idan ozod qilinishi haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







