Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimidagi maxsus hududda o‘rdak ovlaganlar qo‘lga olindi
Mazkur shaxslar 7 dona o‘rdakni ovlagan.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi xabar berdi.
Maʼlum bo‘lishicha, Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasining Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining suv obyektlarini muhofaza qilishga ixtisoslashtirilgan tezkor guruhi davlat inspektorlari tomonidan nazorat reyd tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir davomida Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi fuqarolar Sh.Sh va Sh.A tomonidan ov yo‘llanmasida belgilangan miqdordan ortiqcha o‘rdaklar ovlanganligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan fuqarolarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 90-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Unga ko‘ra, 2 700 000 so‘m miqdorda jarima va 1 890 000 so‘m tabiatga yetkazilgan zarar belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 16 donagina qolgan sirtlonlardan biri o‘ldirilgandi. Shuningdek, Hisor qo‘riqxonasida ham noyob tog‘ echkisini ovlaganlar qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







