Jamiyat

Hududlarda tibbiyot muassasalari zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi

Endilikda har bir hudud va muassasalarda tibbiy uskunalarga bo‘lgan ehtiyoj aniqlanadi va yangilari xarid qilinadi. Bu bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi.

Hududlarda tibbiyot muassasalari zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi

 

Qarorga muvofiq, davlat tuman (yoki shahar) va viloyat tibbiyot muassasalari uchun 2021–2022 yillarda 100 mln. AQSH dollarigacha yillik 2 foiz stavkada kredit mablag‘lari ajratiladi. Bunda Moliya vazirligi talabnomalari inobatga olinadi hamda ajratiladigan summa dollar ekvivalenti bilan milliy valyuta shaklida bo‘ladi.

 

Eslatma. Ushbu mablag‘lar talabnomalar taqdim etilgan sanadan boshlab 3 yil muddatgacha beriladi.

 

Shuningdek, mablag‘lar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining asoslangan talabnomalariga qarab byudjet ssudasi sifatida ajratiladi.

 

Eslatma. Mablag‘lar belgilangan stavkaga ko‘ra qaytarish sharti bilan 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga beriladi.

 

Taʼkidlash kerakki, tibbiy uskunalarni xarid qilish bo‘yicha texnik topshiriqlar va tender hujjatlari “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda kompleks ekspertizadan o‘tkaziladi.

 

Qarorda yozilishicha, endi hokimliklar hududlardagi tibbiyot muassasalari mutaxassislarining yetakchi xorijiy tibbiy muassasalarda malakasini oshirishi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishi mumkin.

 

Eslatma. Buning uchun shartnoma Markazda kompleks ekspertizadan o‘tkazilishi zarur.

 

Avvalroq noyabr oyidan boshlab onkologik va gematologik bemorlarning davolanishga kelishlarida transport xarajatlari qoplanishi, O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida mustaqil hamshiralik bilan shug‘ullanishga ruxsat berilishi hamda Mamlakatimizda yangi farmatsevtika universitet faoliyati yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar qilingandi. 

 

Olamgir Abdiyev

Hududlarda tibbiyot muassasalari zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi | Zamon.uz