Qashqadaryoda mansabdor shasxlarning kirdikori fosh bo‘ldi
“Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dagilarga kredit ajratishda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilgan.

Qashqadaryoda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligining viloyat masʼullari “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dagilarga kredit ajratishda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘ygan. Bu haqda viloyatdagi jurnalist va blogerlarga viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqov xabar berdi.
Maʼlum bo‘lishicha, viloyatda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 48 ming 797 nafar yoshdan 4 ming 949 nafari imtiyozli kredit evaziga daftardan chiqdi deb maʼlumot bergan. Ammo haqiqiy holat o‘rganilganda esa kredit olgani aytilganlarning 588 nafariga aslida kredit ajratilmagani aniqlandi.
Qashqadaryo viloyat hokimi matbuot kotibi taqdim etgan maʼlumotlariga ko‘ra, hududda “Ayollar daftari” bo‘yicha ham ishlar qoniqarsiz ishlar tashkil etilgan. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi tomonidan elektron maʼlumot va Markaziy bankning elektron bazasi solishtirilganida kreditlar ijobiy hal etildi deb ko‘rsatilgan 1 340 ta holatda yolg‘on maʼlumot berilgani maʼlum bo‘ldi.
“250 nafar ayol bilan telefon orqali suhbatda 63 nafar ayol kredit olish uchun murojaat qilmaganligi oydinlashdi”, — deyiladi manba berayotgan maʼlumotda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bankdan qarz olgan rahbar garovga qo‘yilgan yuk mashinani yashirib qo‘ygani, sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida qariyb 10 milliardlik mablag‘ talon–taroj qilingani, 447 ta shirkatda 163 ta 12,9 milliard so‘m miqdoridagi qonunbuzarlik holati aniqlangani hamda Sergelida 325 ming dollarni o‘zlashtirib yuborgan bank kassiri va bosh mutaxassisga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.







