Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi kimlarga berilishi maʼlum bo‘ldi
Mazkur nafaqa ish haqining 100 foizi miqdorida to‘lanadi.

Bu mablag‘ni oladigan shaxslarning yosh va imtiyozli tartibi belgilandi:
— ishlayotgan 1941 – 1945 yillardagi urush qatnashchilariga;
— baynalminal jangchilar va ularga tenglashtirilganlarga;
— qaramog‘ida 16 yoshga (o‘quvchilar 18 yoshga) yetmagan 3 yoki undan ortiq bolalari borlarga;
— Chernobil AESdagi avariyani tugatishda qatnashganlarga;
Bundan tashqari, Chernobil AESdagi avariya natijasida radioaktiv ifloslanish zonasidan evakuatsiya qilingan va ko‘chirilgan, o‘tkir leykoz, adenoma, rak va xavfli o‘smali kasallikka chalinganlarga ham taʼminot ajratiladi.
Shuningdek, mehnatda mayiblanish va kasb kasalligi natijasida vaqtincha mehnatga qobiliyatsiz bo‘lganlar ham bundan mustasno emas.
Yuqoridagi holatlardan holi tarzda boshqa xodimlarga quyidagi miqdorlarda to‘lanadi:
— ish staji 8 yil va undan ko‘p xodimlarga va 21 yoshga yetmagan chin yetimlarga ish haqining 80 foizi miqdorida;
— ish staji 8 yilgacha xodimlarga ish haqining 60 foizi miqdorida mehnatga qobiliyatsizlikning imtiyozli nafaqasi to‘lab beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha nizomga qisqacha sharh hamda “Bolalar puli”ni olish oila aʼzolariga taqsimlanadigan oylik daromadga bog‘liqligi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, “Bolalar puli” bola soniga qarab belgilanishi va kam taʼminlangan oila farzandlariga moddiy yordam ko‘rsatilishi haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







