14 yildan so‘ng fosh etilgan qotillik
Erkak mast holda ko'ngilxushlik qilib, so'ng fohisha ayolni o‘ldirib qo‘ygan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudida mazkur ish ko‘rib chiqilib, sudlanuvchi Akram Rahmonov 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda UzA xabar qildi.
1975-yilda tug‘ilgan, muqaddam ikki marotaba sudlangan, Farg‘ona shahrida yashovchi A.Rahmonov 2007-yilning 4-noyabr kuni soat 19:30 da mast holda ketayotib ko‘chada mahalladoshi T.Muydinovni ko‘rib qoladi. Uchrashuv davomida u ko‘ngilxushlik qilishni taklif qiladi.
Ikkovlon “yengil tabiatli” ayollar turadigan joyga kelib, marhuma M.Xolbekova hamda T.Payziyeva bilan tanishib, dam olib o‘tirish uchun uyiga borishadi. Uyda o‘zlari bilan olib kelgan spirtli ichimliklarni isteʼmol qilgach, soat 23:00 larda T.Payziyeva uyiga ketadi. Ichkilik avjiga chiqqanda Akram uy egasi bilan o‘zaro janjallashib qoladi. Janjal davomida ayol uni uyatli so‘zlar bilan haqorat qiladi. Bundan g‘azablangan erkak xonada turgan DVD apparatining elektr simi bilan ayolning bo‘ynidan bo‘g‘adi. Oqibatda, ayol hushini yo‘qotib, yiqiladi. Qotil uy egasini o‘lgan deb o'ylab, jinoyatga guvoh bo‘lgan mahalladoshiga bo‘lgan voqea haqida hech kimga aytmaslikni uqtirib, xonadondagi DVD va "Siemens" rusumli telefonni o‘g‘irlab ketadi.
Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan M. Xolbekova olgan tan jarohati natijasida 2007-yilning 5-noyabr kuni shifoxonada vafot etadi.
– O‘g‘irlangan narsalarni uyga olib kirishdan qo‘rqib, yonimizdagi ariq yon tomoniga ko‘mib qo‘ydim. Oradan besh-olti kun o‘tgach, Rossiyaga ketdim. U yerda olti oy ishlab qaytib kelib, ko‘mib qo‘yilgan apparatlarni qaraganimda joyida turgan ekan. Ishlatmoqchi bo‘ldim, ammo qo‘rqdim. Bundan tashqari, eskirib, zanglab ketgan edi, bo‘laklarga bo‘lib, lo‘lilarga sotdim. Hech kim shubhalanmagani uchun voqeani hammadan sir saqladim. Sherigimga ham tiliga mahkam bo‘lmasa, yomon bo‘lishini bildirib, ogohlantirganim uchun jim yurdi. Aslida, uni o‘ldirish niyatim bo‘lmagan. Faqat u nafsoniyatimga teggani uchun o‘zimni tutib turolmadim. Qilgan ishlarimdan pushaymonman, — deydi sudda Akram Rahmonov.
Sud ish hujjatlarini ko‘rib chiqib, A.Rahmonovni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) va 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan ayblab, unga nisbatan 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Avvalroq Qarshida bar xodimi mehmonni pichoq bilan o‘ldirgani hamda Rossiyada 33 yoshli ayolni bo‘g‘ib o‘ldirgan o‘zbekistonlik erkak qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva







