Endi talaba davlat imtihonidan yiqilsa, bir yil kutmaydi
Mazkur yangi tartibni belgilash to‘g‘risidagi hujjat Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Adliya vazirligi tomonidan Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirining O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi buyrug‘i davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Unga ko‘ra, endilikda yakuniy davlat attestatsiya sinovidan o‘ta olmagan shaxs keyingi har bir o‘quv yilida, yaʼni 3 yil davomida o‘z arizasiga muvofiq 2 martagacha imtihonni qayta topshirish huquqiga ega.
Oldingi tartib bo‘yicha bitiruvchi yakuniy davlat attestatsiyasi sinovidan o‘ta olmagan taqdirda keyingi yillarda qayta topshirish huquqiga ega edi. Mazkur holat talaba uchun birmuncha qiyinchiliklar tug‘dirgan. Jumladan, bir yillik qimmatli vaqtini yo‘qotgan.
Endilikda talabalar tomonidan qayta topshirish to‘g‘risidagi arizalar yig‘ilishiga qarab bir o‘quv yilda ikki martagacha davlat imtihonlarini qayta topshirish imkoniyati yaratildi.
Avvalroq uzluksiz taʼlim tizimida bir nechta chet tilini o‘rganish konsessiyasi tasdiqlangani hamda 6-sinfdan aʼlo bahoga o‘qigan va xulqi yaxshi bo‘lgan o‘quvchilar OTMga imtihonsiz kirishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







