Jamiyat

Favqulodda holat joriy etilgani haqida chegaradosh davlatlarga diplomatik kanallar orqali xabar beriladi

Senatorlar tomonidan “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun maʼqullandi.

Favqulodda holat joriy etilgani haqida chegaradosh davlatlarga diplomatik kanallar orqali xabar beriladi

 

Respublika bo‘yicha joriy etiladigan favqulodda holatning amal qilish muddati o‘ttiz sutkadan, uning ayrim joylarida joriy etiladigan favqulodda holatning amal qilish muddati esa oltmish sutkadan oshishi mumkin emasligi taʼkidlanmoqda.

 

Eslatma. Favqulodda holat, odatda, vaqtinchalik tadbir bo‘lib, u real tashqi xavf, ommaviy tartibsizliklar, ichki qurolli mojarolar, yirik halokat, tabiiy ofat, epidemiyalar yuz bergan taqdirda fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash uchun hukumat tomonidan joriy etiladi.

 

Favqulodda vaziyatlar yuz bergan taqdirda fuqarolarning xavfsizligini taʼminlashni ko‘zlab, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning ayrim joylarida favqulodda holat joriy etiladi va qabul qilingan qaror uch kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tasdig‘iga kiritiladi. Favqulodda holat joriy etish shartlari va tartibi qonun bilan belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 93-modda (19-band).

 

Tahlil sifatida aytish kerakki, Favqulodda holatlarda fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda yuridik shaxslarning huquqlariga maxsus qonun bilan belgilangan tartibda cheklovlar qo‘yiladi. Shuningdek, ularga qo‘shimcha vazifa va majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.

 

Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabariga ko‘ra, Qonunda favqulodda choralar, ularning taʼsiri doirasi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, yuridik shaxslar huquq va erkinliklariga o‘rnatilayotgan vaqtinchalik cheklovlar, ularga yuklatilayotgan qo‘shimcha majburiyatlar, kuchga kirish vaqti hamda amal qilish muddati kabi bir qancha choralar tartibga solinmoqda.

 

Shuningdek, agar favqulodda holatni joriy etish maqsadlariga erishilmagan bo‘lsa, favqulodda holatning amal qilishi Prezident farmoni bilan yana bir muddatga uzaytirilishi mumkin. Lekin mazkur farmon parlament tomonidan tasdiqlanishi kerak.

 

Favqulodda holat rejimini taʼminlash uchun Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, shuningdek, Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va harakat qilish davlat tizimiga kiruvchi boshqa davlat organlari hamda tashkilotlarining kuchlari va vositalaridan foydalaniladi.

 

Alohida hollarda esa, yuqoridagilarga qo‘shimcha ravishda, favqulodda holat rejimini saqlab turish uchun Prezident farmoniga asosan Mudofaa vazirligining kuchlari va vositalari ham jalb etilishi mumkin.

 

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

 

Avvalroq Oliy Majlis Senati favqulodda holat to‘g‘risidagi qonun va boshqa hujjatlarni ko‘rib chiqishi haqida xabar berilgandi. 

 

Olamgir Abdiyev

Favqulodda holat joriy etilgani haqida chegaradosh davlatlarga diplomatik kanallar orqali xabar beriladi | Zamon.uz