O‘zbekistonda "Ajdodlar izidan" harbiy-tarixiy jamiyati tashkil etiladi
Vazirlar Mahkamasining “Harbiy tarixni o‘rganish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, "Ajdodlar izidan" harbiy-tarixiy jamiyati —muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti, "Ajdodlar izidan" ilmiy-ommabop jurnali taʼsis etiladi.
Qayd etilishicha, mazkur vazifalar Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Madaniyat vazirligi, “Vatanparvar” tashkiloti muassisligida amalga oshiriladi.
Shuningdek, "Ajdodlar izidan" jamiyatining asosiy yo‘nalishlari ham belgilab berildi. Unga binoan, qadim o‘tmishda, o‘rta asrlarda, yaqin tarixda O‘zbekiston hududida, shuningdek, uning chegaralari tashqarisida bo‘lib o‘tgan harbiy-tarixiy ahamiyatga ega tarixiy hujjatlar va voqealar tavsif-bayonini to‘plash, millat ozodligi va mustaqilligi uchun bosqinchilarga qarshi kurashib, qahramonlik ko‘rsatgan harbiy sarkardalar, rahbarlar, qabila va xalq yetakchilari, yo‘lboshchilarining faoliyatini o‘rganish kabilar belgilangan vazifalarning bosh asosi hisoblanadi.
Bundan tashqari, yurtimizdagi muzey, kutubxona va arxivlarda, shu jumladan, xorijiy davlatlardagi shu kabi muassasalarda ilmiy-tadqiqot va qidiruv ishlarini olib boorish, taniqli olimlar, tarixchilar, arxeologlar, mutaxassislarni jalb qilgan holda yig‘ilgan maʼlumotlarni tizimlashtirish, O‘zbekiston tarixida yuz bergan harbiy-tarixiy voqealar xaritasini tuzish va boshqa chora-tadbirlarni tashkil etish ham "Ajdodlar izidan" jamiyatining muhim maqsadlari sirasiga kiradi.
Jamiyatni boshqarish mudofaa vaziri raislik qiladigan Kuzatuv kengashi tomonidan amalga oshiriladi. Jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan Kuzatuv kengashining yig‘ilishlari har yili kamida ikki marotaba o‘tkaziladi.
Shu bilan birga, Jamiyat faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida "Ajdodlar izidan" harbiy-tarixiy jamiyatini rivojlantirish jamg‘armasi tuziladi. U har yili 1 fevralga qadar muassislarning har biri tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 1 500 barobari ekvivalenti miqdorida ajratiladigan mablag‘lar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar harbiy-maʼmuriy sektorlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari, yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan amalga oshirilgan homiylik xayriyalari orqali moliyalashtiriladi. Mablag‘ bilan taʼminlashda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar ham hisobga olinadi.
Avvalroq “Mehribonlik” uylari Milliy gvardiyaga biriktirilishi haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







