Buxoroda erkak qo‘shni ayolni o‘roq bilan o‘ldirib qo‘ydi
G‘ijduvon tumanida yashovchi 70 yoshli erkak 55 yoshli qo‘shni ayolni o‘tkir tig‘li o‘roq bilan ko‘ksiga urib o‘ldirdi.

Bu haqda “Daryo” maʼlum qildi.
Voqea 2021 yilning 24 noyabr kuni "Gajdumak2 mahallasida obodonlashtirish ishlari olib borilgan vaqt sodir bo‘lgan. Fuqaro M.A. soat taxminan 08:30 larda uy atrofidagi daraxtlarni butalashga chiqqan. Shu vaqtda qo‘shni ayol J.M. qo‘shnisiga butalayotgan daraxt o‘ziga tegishli ekanini bildirgan va daraxt tanalarini noo‘rin kesayotganiga eʼtiroz bildirgan. natijada ikki qo‘shni o‘rtasida o‘zaro katta janjal boshlangan. M.A. esa jahl ustida qo‘lidagi ish quroli – o‘tkir tig‘li o‘roq bilan J.M.ning chap ko‘krak sohasiga bir marotaba qasddan qattiq jarohat yetkazgan. Oqibatda ayol olgan tan jarohati natijasida voqea joyida vafot etgan.
Surishtiruv davomida ikki qo‘shni o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik avvaldan bo‘lib kelgani maʼlum bo‘ldi. Har ikki oila ham 2014 yildan buyon mahalla fuqarolar yig‘inidagi notinch oilalar ro‘yxatida turadi. Mahalla-ko‘y, ichki ishlar xodimlari tomonidan doimiy yarashtirishga urinib kelingan. Ammo natija bermagan.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki maʼlumotiga ko‘ra, o‘tkir tig‘li jismdan marhuma J.M.ning chap yelka yuqori orqa yuzasidan chap ko‘krak qafasigacha, shuningdek, chap o‘pka va yurak chap bo‘lmasiga jarohatlangan. Ichki va tashqi qon ketishi oqibatida vafot etgan.
Holat yuzasidan sudga oid tibbiy, kriminalistika hamda biologiya ekspertizalar tayinlangan. G‘ijduvon tuman prokuraturasi tomonidan fuqaro M.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish), 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi (ushlab turish asoslari) tartibida ushlangan.
Avvalroq, Qashqadaryoda erkak o‘z o‘g‘lini o‘ldirib qo‘ygani hamda Baliqchi tumanida erkak 18 yoshli yigitni o‘ldirib, kanalga tashlab ketgani haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva







