YPX xodimlarining ustiga mashina haydagan "krutoy" ikki kunda qo'lga olindi
Unga nisbatan Chiroqchi tumani prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo'zg'atildi.

Joriy yilning 27-noyabr kuni soat 16:10 larda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida YPX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reyd davomida “Lacetti” rusumli avtomobil to‘xtatilgan. Biroq haydovchi qonuniy talabni bajarmasdan avtomobilning oynasi hamda eshiklarini qulflab YPX xodimlarining ustiga qarata transportni boshqargan va voqea joyidan qochib ketgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushbu qoidabuzar haydovchi ushlandi. 1998 yil tug‘ilgan H.A. atrofdagilarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf solgan holda voqea joyidan qochib ketishga uringani uchun holat tegishli tartibda hujjatlashtirilib, avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.
Haydovchi H.A.ga nisbatan Chiroqchi tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 1-qismi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda u JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.
Avvalroq, Toshkentda “Lacetti” haydovchisi YPX xodimiga bo‘ysunmasdan qochib ketgani hamda Surxondaryoda mast haydovchi ikki nafar YPX inspektorini sudrab ketgani haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva







