Firibgar talabalar ushlandi
Ular fuqarolardan 3 700 va 4 900 AQSH dollari talab qilgan.

Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Maʼlum bo‘lishicha, Navoiy davlat pedagogika instituti talabasi U.Yo. fuqaro M. bilan uning singlisini 3 700 AQSH dollari evaziga institutning boshlang‘ich taʼlim yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yishga kelishgan. U 2 000 AQSH dollari va 17 million so‘m pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, departamentning Oltinsoy tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ham Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiali talabalari N.K. va B.T. fuqaro S.ni Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filialida taʼlim olayotgan qizining o‘qishini tanishlari yordamida Toshkent tibbiyot akademiyasiga ko‘chirib berishiga ishontirgan.
Aytilishicha, undan 4 900 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Tekshiruv davomida N.K. va B.T.lar tomonidan qaytarilgan 4 900 AQSH dollari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon va Xorazm viloyatlarida o‘qishga kiritib qo‘yishni vaʼda qilgan institut hisobchisi va talaba qo‘lga olingandi. Shuningdek, Buxoroda o‘qishga kiritib qo‘yishini aytib, fuqarodan 300 dollar so‘ragan, Surxondaryoda talabalarni 5,4 mln so‘mga chuv tushirib ketgan shaxs hamda Navoiyda 2.000 dollar evaziga o‘qishga kiritib qo‘yishni vaʼda qilgan o‘qituvchi ushlangani haqida xabar berilgandi.







