"Tolibon" davlat xizmatchilariga pul o‘rniga g‘alla bermoqchi
Buning uchun maxsus dastur ishlab chiqilgan.

"Tolibon" davlat xizmatchilari maoshini g‘alla bilan to‘lamoqchi. Bu haqda "Sputnik Afganistan" xabar berdi.
Afg‘oniston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Fazl Bari Fazlning maʼlum qilishicha, ushbu tadbir "G‘alla uchun ish" dasturi asosida amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, har bir xizmatchi bir kunlik ish haqi uchun 10 kg g‘alla oladi.
Toliblar shu maqsadda Ashraf G‘ani hukumatiga Hindiston tomonidan berilgan bug‘doy, shuningdek, turli davlatlar tomonidan yetkazib beriladigan gumanitar yordam paketlarini ishga solmoqchi. Xususan, hozirda Pokiston 37 tonna, Hindiston esa 55 tonna g‘alla yetkazib berishi maʼlum qilingan.
Avvalroq AQSH fuqarolari Afg‘onistondan chiqa olmayotgani haqida xabar berilgandi.
Jahongir Qo'ziyev







