0

Xarobaga aylangan «Bahodir Yalangto‘shbiy» masjidi qayta quriladi

Bugungi kunda obyektning saqlanishi avariya holatiga kelib qolgan.

Xarobaga aylangan «Bahodir Yalangto‘shbiy» masjidi qayta quriladi

 

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Oqdaryo tumani «Bodorjoy» MFY hududida joylashgan «Bahodir Yalangto‘shbiy masjidi» yuzasidan tanqidiy fikr bildirilgandi. Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi ushbu holat bo‘yicha munosabat bildirdi

 

Xabarga ko‘ra, «Bahodir Yalangto‘shbiy masjidi» moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obyekti bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari Milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan Milliy ro‘yxatga kiritilgan.

 

Mazkur masjid binosi haqiqatdan ham og‘ir ahvolda. Biroq u ijtimoiy tarmoqda keltirilganidek, Bahodir Yalangto‘shbiy (1578-1656 y.y.) tomonidan qurdirilmagan. XIX–XX asrlar oralig‘ida tiklangan va Bahodir Yalangto‘shbiyning nomini abadiylashtirish maqsadida masjidga uning nomi berilgan.

 

“Bahodir Yalangto‘shbiy” masjidi XX asrning 20 yillarigacha masjid sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Shu davrdan eʼtiboran sobiq mustabid tuzum tomonidan diniy qadriyatlar toptalib, masjid faoliyati to‘xtatilgan va omborxonaga aylantirilgan.

 

Mahalliy nuroniy oqsoqollar tomonidan og‘zaki maʼlumot berilishicha, Qatag‘on yillari (1932-1938 y.y.)da masjid binosi yonib ketgan. Shundan so‘ng obyekt o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Bugungi kunda obyektning saqlanishi avariya holatiga kelib qolgan.

 

Ayni vaqtda tarixiy binoni saqlab qolish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Xususan, “Samarqand viloyatini 2022–2026 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Dasturi” tasdiqlangan bo‘lib, Dasturning 2023 yilga mo‘ljallangan qismida “Bahodir Yalangto‘shbiy masjidi”ni restavratsiya qilish hamda Bahodir Yalangto‘shbiy shaxsi haqida kino olish belgilangan.

 

Samarqand madaniy meros boshqarmasi tomonidan “Bahodir Yalangto‘shbiy” masjidini restavratsiya qilish yuzasidan loyiha-taklifi ishlab chiqilib, Madaniy meros agentligi Ilmiy-ekspert Kengashiga taqdim etildi.

 

Kelajakda masjid binosidan turizm obyekti sifatida foydalanish rejalashtirilgan.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"