Jizzaxlik firibgar ayolning nayranglari fosh bo‘ldi
60 yoshga yaqinlashib qolgan firibgar fuqarolarga uy olib berish vaʼdasi bilan millionlab pullarni o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuborgan.

M.A avval sudlanib, berilgan imkon tufayli jazodan ozod bo‘lishiga qaramasdan, yana qayta firibgarlik ko‘chasiga kiradi. Bir necha bor odamlar ishonchiga kirib, ularni сhuv tushiradi.
U N.Q.dan uy olib berish aldovi bilan 13 mln so‘m, X.T.dan 1 500 AQSH dollari olib, yo‘q bo‘lib ketadi. Bundan tashqari, B.Y.ning ishonchiga kirib, unga bank orqali 150 million so‘m miqdorda subsidiya ajratilishi uchun oldindan 25 million so‘m miqdorda pul to‘lov qilishini aytib, yonidan 2 000 AQSH dollarini uning uchun chiqadigan subsidiya pullariga qo‘yishini, qolgan 3 million so‘mini berishini aytib, 2021 yil avgust oyida B.Yu.dan 3 million so‘m, sentyabr oyida 600 ming so‘m va 1 million 400 ming so‘mlik mebellarini olib ketib, pullarni o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Sud ushbu jinoyat ishi yuzasidan to‘plangan ish hujjatlarini tekshirib chiqib, yuqoridagi qayd etilgan dalillarga baho berib, sudlanuvchi M.A.ni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi, 28, 211-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topdi. Yuqorida keltirib o‘tilgan moddiy zararlarning jabrlanuvchilar foydasiga undirilishi belgilanib, 5 yilu 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.







