To‘rtko‘lda avtobus yonib ketdi
Uning salonida 55 nafar yo‘lovchi bo‘lgan.

Joriy yil 8 iyun kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani hududidan o‘tgan avtomagistral yo‘lida Toshkentdan Nukus shahriga harakatlanib kelayotgan “Yutong” rusumli avtobus to‘xtatilganda, orqa tomonidan olov chiqayotgani aniqlangan.
“Miskin” YPX maskanida xizmat olib borayotgan YPX inspektori safdor Ruslan Boltaboyev zudlik bilan tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limiga xabar beradi. Barcha yo‘lovchilar evakuatsiya qilinadi.
2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga yetib borib, yong‘in bartaraf etilgan. YPX inspektorining hushyorligi sababli avtobus salonidagi 55 nafar yo‘lovchi va 2 nafar haydovchining hayoti saqlab qolindi.
Yong‘in natijasida avtobus to‘liq yonib zararlangan. Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, yong‘in elektr simlarining qisqa tutashuvi natijasida sodir bo‘lgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmatining xabar berishicha, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar yo‘q.







