“Bironta internetga chiqmasin, iltimos!”
Surxondaryo hokimi o‘zi aks etgan videoni tarqatmaslikni so‘radi — video

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov to‘yda mehmonlardan u aks etgan videotasvir tarqatilmasligini so‘radi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum bo‘lishicha, mazkur holat 28 iyun kuni nikoh to‘yi bo‘lib o‘tgan “Tokio–2020” Paralimpiya o‘yinlari oltin medali sohibasi Guljanoy Naimova xonadonida tasvirga olingan. Viloyat hokimi sportchini tabriklash uchun tuman hokimi bilan birga uning uyiga borganida mehmonlar jarayonni tasvirga olishni boshlaganini ko‘rib, ularga «bironta internetga chiqmasin», degan.
«Chunki vohada viloyat hokimining amalga oshirayotgan ishlari va har bir xatti-harakatini ijtimoiy tarmoqqa chiqarib, PR yasash odatiy holga aylandi.
Shundoq ham ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqda o‘zini ko‘p reklama qilishdan istihola qiladigan hokim viloyatda bajarayotgan ayrim xayrli ishlarini keng jamoatchilikka ko‘rsatishdan tiyilib turadi. Lozim bo‘lgan hollarda ijtimoiy tarmoq orqali o‘zi ham chiqishlar qilib, voqea-hodisalarni xalqimizga yetkazayotganini barcha yaxshi biladi», deyiladi xabarda.







