6 oyda qancha mansabdor jinoiy javobgarlikka tortildi?
Ular davlat va jamiyat manfaatlariga 668 mlrd so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazgan.

Bosh prokuratura Matbuot xizmatining xabar berishicha, joriy yilning 6 oyi davomida respublika bo‘yicha jami 1 429 ta jinoyat ishi bo‘yicha 1 785 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Jinoyati fosh qilingan mansabdor shaxslarning 13 nafari respublika, 195 nafari viloyat va 1 577 nafari tuman - shahar miqyosidagi vazirlik, idora va tashkilotlarda faoliyat yuritgani aytilmoqda.
Jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslarning 1 210 nafari o‘zganing mulkini o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon - toroj qilish, 158 nafari mansab mavqeini suiisteʼmol qilish, 129 nafari firibgarlik, 74 nafari poraxo‘rlik, 22 nafari mansab soxtakorligi, 15 nafari mansabga sovuqqonlik qarash, 7 nafari mansab vakolati doirasidan chetga chiqish va 170 nafari boshqa jinoyatlarni sodir etgan.
Mansabdor shaxslarning jinoyatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 668,2 mlrd so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan bo‘lib, tergov jarayonida ushbu zararning 599,1 mlrd so‘mi undirilgan.







