Farg‘onada 4 yoshli bog‘cha bolasi suvga cho‘kib ketib, vafot etdi
DMTTning moliyaviy faoliyati o‘rganilganda, tarbiyalanuvchilar uchun sarflanishi lozim bo‘lgan 24,3 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari talon-toroj qilinganligi ham aniqlangan.

Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida joylashgan 23-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining 4 yoshli tarbiyalanuvchisi suvga cho‘kib ketgan. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning maʼlum qilishicha, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan kun soat taxminan 08:30 da bolani katta opasi 23-sonli DMTT tarbiyalovchilari ixtiyoriga olib kelib tashlab ketgan. Oradan maʼlum vaqt o‘tgach, mazkur maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyachilari va rahbarining beparvo hamda loqayd munosabati oqibatida tarbiyalanuvchi MTT hududidan ruxsatsiz chiqib, opasining orqasidan yugurgan. Harakat oqibatida baxtsiz tasodif bilan sirpanib, uyi yaqinidan oqib o‘tuvchi “Sobirjon” daryosiga yiqilib tushgan va oqibatda cho‘kib ketgan.
Bosh prokuratura vakiliga ko‘ra, 4 yoshli tarbiyalanuvchi bola daryoda cho‘kib vafot etgani holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) hamda 167-moddasi 2-qismi “g” bandi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
DMTTning moliyaviy faoliyati o‘rganilganda, tarbiyalanuvchilar uchun sarflanishi lozim bo‘lgan 24,3 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari talon-toroj qilinganligi ham aniqlangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.







