Vengriya kompaniyasi O‘zbekistonning eng yirik banklaridan birini sotib oldi
O‘zbekiston nomidan shartnomani Jamshid Xo‘jayev imzoladi.

Bugun Toshkentda Vengriyaning “OTP Bank” guruhi “Ipoteka bank” aksionerlik-tijorat ipoteka bankini xususiylashtirish to‘g‘risidagi shartnomani imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bitimning moliyaviy yakuni 2023 yilning birinchi yarmida amalga oshirilishi kutilmoqda.
“Ipoteka bank” hajmi bo‘yicha O‘zbekistondagi beshinchi bank bo‘lib, umumiy bozorning 8,5 foizini tashkil etadi va 1,6 milliondan ortiq mijozga ega.
Hujjatni bosh vazir o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev hamda OTP Bank nomidan boshqaruv raisi va bosh direktori Shandor Chani va bosh direktor o‘rinbosari Laslo Volf imzoladi.
Vengriya banki delegatsiyasi bugun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabulida ham bo‘ldi. Uchrashuvda oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.







