Qozog‘istonda yirik suv toshqini kuzatilmoqda
10 ta viloyatda favqulodda holat eʼlon qilindi

Ayni kunlarda mamlakat aholisi so‘nggi 80 yildagi eng yirik tabiiy ofat bilan kurashmoqda. Suv to‘g‘onining buzilishi va buning oqibatida yuzaga kelgan toshqinlar tufayli butun shaharlar suv ostida qolgan, 10 ta viloyatda favqulodda holat eʼlon qilingan.
Bugun, 6 aprel kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev suv toshqini tufayli yuzaga kelgan murakkab vaziyat munosabati bilan mamlakat xalqiga murojaat yo‘lladi.
“Ko‘p yillardan buyon kuzatilmagan tabiiy ofat yuz berdi. Ehtimol, bu o‘z ko‘lami va oqibatlari bo‘yicha so‘nggi 80 yildan ortiq vaqtdagi eng yirik ofatdir”, — dedi prezident.
Toqayev hukumatga zudlik bilan yangi namunaviy uylar qurish yoki mavjud uy-joylarni rekonstruksiya qilish bo‘yicha maxsus reja tayyorlash bo‘yicha topshiriq berdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, suv toshqini boshlanganidan beri 3171 ta xususiy turar-joy binosi va 179 ta hovli hududi suv ostida qolgan. 46 mingdan ortiq kishi qutqarilgan va evakuatsiya qilingan, ularning taxminan 15 ming nafari bolalar. Favqulodda qutqaruv ishlariga 8,6 mingdan ortiq kishi jalb etilgan.







