Putin Braziliyadagi BRICS sammitiga bormaydi
Kreml bu qarorni bevosita Braziliyaning Xalqaro jinoiy sudga aʼzoligi bilan bog‘ladi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 6–7 iyul kunlari Braziliyada bo‘lib o‘tadigan BRICS davlatlari sammitida videokonferensiya shaklida ishtirok etadi. Bu haqda Rossiya prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qildi.
Uning aytishicha, qaror Braziliyaning Xalqaro jinoyat sudiga (XJS) a’zoligi bilan bevosita bog‘liq. Eslatib o‘tamiz, XJS 2023 yilda Putinni hibsga olish bo‘yicha order chiqargan edi.
Ushakov ta’kidlashicha, BRICS sammitida Rossiya nomidan Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ishtirok etadi, chunki u XJS tomonidan hibsga olishga doir hech qanday talab ostida emas.
Rossiya tomoni Braziliya hukumati Putinning xavfsiz ishtirokini kafolatlay olmaganini bildirgan. Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu sababdan prezident sammitga bormaslikka qaror qilgan.







