Xavotir uyg‘otayotgan yangi holat — virusli “pushti temiratki” ortib bormoqda
Sog‘liqni saqlash rasmiylari ogohlantirdi: pushti temiratki epidemiyaga aylanishi mumkin.

Tailandda xavotir uyg‘otayotgan yangi holat — virusli "pushti temiratki" holatlari ortib bormoqda. Mamlakat sog‘liqni saqlash rasmiylari ushbu kasallik yomg‘ir mavsumida epidemiyaga aylanishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Tailand Sog‘liqni saqlash departamenti ma'lumotlariga ko‘ra, kasallikning ilk belgisi odatda yirik birinchi dog‘ bilan boshlanadi, u "ona dog‘i" deb ataladi va orqa, qorin yoki qo‘l sohalarida paydo bo‘ladi. Oradan bir necha kun o‘tib, butun tanaga mayda, losos yoki och jigarrang tusli toshmalar tarqala boshlaydi.
Kasallik ko‘proq bolalar va yoshlarda uchraydi, biroq homilador ayollar uchun alohida xavf tug‘diradi — og‘ir holatlarda homila tushishi xavfini oshirishi mumkin.
Asosiy alomatlar quyidagilardan iborat:
- tana haroratining ko‘tarilishi;
- orqa yoki qorin sohasida yirik dog‘larning paydo bo‘lishi;
- mushak va bo‘g‘im og‘riqlari;
- umumiy holatning susayishi, bosh og‘rig‘i;
- burun oqishi, yo‘tal, tomoq og‘rig‘i;
- ba’zi hollarda — ich ketishi, yutishdagi qiyinchiliklar.
Rasmiylar har qanday teri o‘zgarishlarini befarqlik bilan qabul qilmaslikni, ayniqsa sayyohlik safarlaridan qaytgach, darhol shifokorga murojaat qilishni tavsiya qilmoqda.
Profilaktika choralari sifatida quyidagilar tavsiya etilmoqda:
- sayohat davomida shaxsiy gigiyenani qat’iy saqlash;
- teriga ziyon yetkazuvchi harorat, suv yoki allergenlardan ehtiyot bo‘lish;
- gigiyena vositalarini faqat shaxsiy foydalanishda ishlatish;
- alomatlar paydo bo‘lsa — dermatologga murojaat qilish.
Tailand hukumati, ayniqsa yomg‘ir mavsumida, mahalliy aholi va sayyohlarni hushyorlikka chaqirmoqda.







