Uchrashuvda katta yutuqlarga erishildi – Tramp
2,5 soat davom etgan muzokaralarda “katta progress” haqida gapirildi, ammo o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha aniq qaror qabul qilinmadi.

15 avgust kuni AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2,5 soatdan ortiq davom etgan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar “muhim yutuqlarga erishilganini” ta’kidlashdi, biroq urushni to‘xtatishga doir aniq kelishuv e’lon qilinmadi.
Sammit yakunida Putin matbuot anjumanida “kelishuv bor” deya ishora qildi, Tramp esa “katta progress” haqida gapirdi. Shunga qaramay, tomonlar Ukraina urushida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha hech qanday bayonot bermadi. AQSh prezidenti Zelenskiy bilan aloqaga chiqib, natijalar haqida ma’lum qilishini aytdi.
Putin uchrashuvdan so‘ng Alyaskadagi Fort Richardson Memorial qabristonida Ikkinchi jahon urushi davrida halok bo‘lgan sovet jangchilariga gul qo‘ydi va so‘ng Moskvaga qaytdi. Tramp esa Air Force One bortida Vashingtonga yo‘l oldi. Matbuot anjumanida ikkala rahbar ham savollarga javob bermadi.
Sammitdan oldin Tramp agar Putin urushni davom ettirsa “qat’iy oqibatlar” bo‘lishini ogohlantirgan edi, biroq uchrashuvdan so‘ng bu haqda hech narsa demadi. Uchrashuv yakunida esa Putin: “Keyingi safar Moskvada,” deya taklif qildi. Tramp bunga “Bu qiziqarli taklif, ehtimol shunday bo‘lishi mumkin”, deya javob berdi.







