Jizzaxda soliq qarzi tufayli metan zapravka xatlandi
MIB ma’lumotiga ko‘ra, qarz miqdori 324 mln so‘mni tashkil qiladi.

Jizzax viloyatida soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmagan tadbirkorlik subyekti mol-mulklari davlat ijrochilari tomonidan xatlandi.
Viloyat soliq boshqarmasining qarorlariga asosan “B.H” MChJga tegishli 324 million so‘mdan ortiq soliq qarzini undirish yuzasidan ijro hujjatlari Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Sharof Rashidov tuman bo‘limiga yuborilgan.
Mazkur qarzdorlikni qoplash doirasida korxonaga tegishli hisob raqamlari band qilindi, shuningdek, foydalanilmayotgan metan zapravka inshootlari xatlanib, nazoratga olindi.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, agar qarzdorlik belgilangan tartibda to‘liq undirib bo‘linmasa, mazkur ob’ekt auksion savdolariga chiqariladi va tushgan mablag‘ davlat byudjeti hamda boshqa majburiy to‘lovlarni qoplashga yo‘naltiriladi.
Ushbu chora davlat moliyaviy intizomini mustahkamlash, soliq to‘lovlari bo‘yicha mas’uliyatni kuchaytirish hamda byudjet barqarorligini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.







